Toshkentning yangi chegarasi qanday bo‘ladi? Vazir hududiy o‘zgarishlar haqida ma’lumot berdi

Jamiyat

Zangiota, Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Yangi yo‘l tumanlarining Toshkent halqa yo‘lining ichida qolib ketgan maydonlari poytaxt hisobiga o‘tkaziladi. Bu haqda Qurilish vaziri Botir Zokirov ma’lumot berdi.

“Sergeli va yangi hududlarni inobatga olib, Yangi hayot tumanini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Yangi hayot hududining bir qismi Sergelidan, bir qismi Zangiota, bir qismi O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq hududidan o‘tgan. Bu hududlardan yerlar olinib, hozirgi kunga kelib “Yangi hayot” tumanining maydoni 4 ming gektardan ortiq bo‘ldi. 

Zangiota tumanining 1800 gektarini Sergeliga qo‘shib berish taklifi tayyorlangan. Sergeli tumanining hududi 5300 gektar edi, ma’lum qismi “Yangi hayot” tumaniga o‘tdi, lekin Zangiota tumanidan Sergeliga qo‘shib berilgan yerlar bilan 5400 gektarga chiqdi", dedi Zokirov.

Vazir bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentning eng kichik tumani Bektemir ham O‘rta Chirchiq va Zangiota hisobiga 2 baravaran ko‘proq kengayadi.

"Bektemir tumani eng kichik tuman bo‘lib, hududi 2 ming gektar edi. Prezident topshirig‘iga asosan, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq, Zangiota hududlaridan yerlarni qo‘shish hisobiga Bektemir tumani 5300 gektar hududga ega bo‘ladi. 

Bundan tashqari, Chirchiq daryosining yon hududidan shaharga qaragan qismi bo‘yicha 4356 gektar yerni shaharga qo‘shish bo‘yicha taklif tayyorlandi. Toshkent shahriga 10 ming gektar joy qo‘shilgan bo‘lsa, Toshkent shahridan ming gektardan ortiq joy Toshkent viloyatiga ajratilyapti", deya qo‘shimcha qildi u.

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumaninig anklav hududi Ulug‘bek shaharchasi (385 gektar) esa Qibray tumani markazi etib belgilanadi. 

"Yana bir katta masala bu – Ulug‘bek posyolkasi. Ulug‘bek posyolkasini Qibray tumanining ma’muriy markazi qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Sababi, Qibray juda katta tuman, lekin shu kungacha uning markazi yo‘q edi. Ulug‘bek posyolkasi oldin Mirzo Ulug‘bek tumaniga qarar edi va tumandan yiroqda joylashganligi, anklav holda bo‘lgani uchun unga e’tibor yo‘q edi”, dedi vazir.

Botir Zokirovning so‘zlariga qaraganda Prezident Shavkat Mirziyoyev bu takliflarni ma’qullagan. Mas’ullarga chegaralarni o‘zgartirish bo‘yicha tegishli qonun hujjatlari loyihalarini mahalliy kengashlar va Oliy Majlisga kiritish topshirig‘i berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Botir Zokirov

Baholaganlar

238

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing