Toshkent viloyatiga hokim bo‘lgan Hidoyatov nimalar bilan band?
Jamiyat
−
05 fevral 2021
13955Toshkent viloyatining yangi hokimi Davron Hidoyatov ilk ish kunlaridayoq biznes doirasi vakillari bilan ko‘proq muloqot qilib, hududning investitsion salohiyatiga mos loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hokim “Lukoyl” mutasaddilari va “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan uchrashdi. Bu haqda viloyat hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 3 fevral kuni Davron Hidoyatov “Lukoyl” kompaniyasi mutasaddilari bilan uchrashdi. Xorij kompaniyasi mas’ullari kelgusida Nurafshon shahrida 10 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi bunyod etish loyihasi bo‘yicha viloyat rahbariga axborot berdi.
Avtomobil egalari uchun zamon talablariga javob beradigan yoqilg‘i quyish shoxobchalari barpo etish masalasi muhokoma qilindi. Uchrashuv davomida chet ellik korxona Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etish loyihasini amalga oshirishga kirishganligi ta’kidlandi. Hozirgi kunda Qibray tumanida bitta bog‘cha qurilmoqda.
Shu kuni Davron Hidoyatov “Korzinka.uz” supermarketlar tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan ham muzokoralar o‘tkazgan. Muloqotda Yuqori Chirchiq tumanida qiymati 38 million AQSH dollari bo‘lgan yuklarni saqlash va taqsimlash ombori qurilishi masalasi muhokama qilindi. 400 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladigan mazkur loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan mexanizm, shart-sharoitlar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, Davron Hidoyatov yangi tashkil etilgan O‘rta Chirchiq tumani ma’muriy markazida bo‘lib, bu yerdagi ishlar bilan tanishdi.
Ma’lumki, Nurafshon shahri Toshkent viloyati ma’muriy markaziga aylangani tufayli O‘rta Chirchiq tuman markazini tashkil etish va ijro etuvchi hokimiyat organlari bo‘lim va tashkilotlarini ko‘chirish zaruriyati yuzaga kelgan edi.
Hozirgi kunda tuman ma’muriy markazi to‘liq qurib bitkazilgan bo‘lib, bunda tumanning barcha korxona va tashkilotlari shaharchaga joylashgan.
Dastlab Davron Hidoyatov qurib bitkazilayotgan Ichki ishlar bo‘limi binosi hamda 400 qatnovga mo‘ljallangan tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida bo‘ldi. So‘ngra tuman hokimligi va xalq eng ko‘p murojaat qiladigan Davlat xizmatlari markazi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi 300 ming bosh parranda parvarishlanishi rejalashtirilayotgan “Agro stella” MCHJ va "Avangard-Agro-Impeks” MCHJ tomonidan barpo etilgan zamonaviy issiqxona bilan yaqindan tanishdi.
Hidoyatov tuman hokimlari va tuman hokimlarining o‘rinbosarlari va tegishli tashkilotlar rahbarlari ishtirokida suvni tejovchi zamonaviy texnologiyalarni ko‘zdan kechirishdi.
Chirchiq-Ohangaron irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent viloyatida joriy yilda 13 ming gektar yerni tomchi, 5 ming gektar yomg‘irlatib, 4 ming 400 gektar yerni esa egiluvchan quvurlar yordamida, shuningdek 16 ming gektar yerni lazerli uskunalarda tekislash rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 yanvar kuni Toshkent shahar hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Davron Hidoyatov Toshkent viloyati hokimi etib tayinlandi.