Toshkent viloyatiga yangi bosh imom-xatib tayinlandi. Sobiq vakil koronavirusdan vafot etgandi
Jamiyat
−
30 noyabr 2020
9060Toshkent viloyatiga yangi bosh imom-xatib tayinlandi. Bu O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, bugun, 30 noyabr kuni Toshkent viloyati imom-xatiblari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rilgan. Unga ko‘ra, Toshkent shahri bosh imom-xatibi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Jasur Raupov Toshkent viloyati bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlangan.
Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Abdug‘ofur Ahmedov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va viloyat tuman-shahar bosh imomlari hamda ulamolar qatnashgan.
“So‘zga chiqqanlar tomonidan yakuniga yetib borayotgan 2020 yilda viloyat miqyosida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi. Jumladan, masjidlar va imom-xatiblar faoliyatidagi yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi. Shuningdek, 2020 yilda diniy-ma’rifiy faoliyatni yanada takomillashtirish borasida amalga oshiriladigan ishlar va istiqboldagi vazifalar belgilab olindi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Jasur Raupov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti va Andijon davlat universitetini tamomlagan. 1999 yildan shu kunga qadar poytaxtimizdagi bir necha masjidlarda imom-xatib vazifalarida ishlagan. Shu bilan birgalikda 2010 yildan buyon Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.
Eslatib o‘tamiz, 2014 yildan Toshkent viloyati bosh imom-xatibi hamda Zangiota tumani, “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Xayrulloh domla Turmatov joriy yilning 16 sentyabr kuni 44 yoshida vafot etgan edi. Uning o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgani aytilgan.
LiveBarchasi