Toshkent viloyati bosh imom-xatibi 44 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
16 Sentabr 2020
26055Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrulloh domla Turmatov vafot etdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar bermoqda.
Xayrulloh domla Turmatov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ta’lim olgan. Mehnat faoliyati davomida Toshkent viloyatidagi "Chetsuv", "Qorabog‘", “Zangiota” jome masjidlari imom-xatibi, Angren shahri bosh imom-xatibi va Toshkent viloyati bosh imom-xatibi vazifalarida fidokorona xizmat qilgan.
U 1976 yilning 16 avgust kuni Toshkent viloyati, Angren shahri tavallud topgan.
1994-2003 yy. - Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, “Chet Suv” jome masjidi imom-xatibi hamda Toshkent viloyati, Ohangaron tumani, 20-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi;
1998-2003 yy. - Toshkent viloyati pedagogika instituti talabasi;
2000-2001 yy. - Toshkent islom instituti talabasi;
2003-2014 yy. - Toshkent viloyati, Angren shahar, “Qorabog‘” jome masjidi imom-xatibi hamda Angren shahar bosh imom-xatibi bo‘lgan.
2014 yildan hozirgacha O‘zbekiston musulmonlari idorasining Toshkent viloyat vakili hamda Zangiota tumani, “Zangiota” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
“Xayrulloh domla Turmatovga ulamolar, imom-xatiblar, imom noiblar, jome masjidlardagi har bir mas’ul xodim hamda qalblari Allohning baytiga bog‘langan qadrli insonlarning ehtiromi baland va yuksak edi.
Faoliyatlari davomida jome masjidlarni obod va ko‘rkam, namozxonlarni ibodat qilishlari uchun munosib va zamonaviy shart-sharoitlarga ega bo‘lishi yo‘lida tinim bilmay mehnat qilayotgan edilar”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ham Xayrulloh domla Turmatovning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirgan.
LiveBarchasi