Toshkent viloyatida IIB mashinasidan sakragan fuqaro vafot etdi
3-sahifa
−
07 avgust
10551Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida yo‘lda harakatlanib ketayotgan ichki ishlar bo‘limi mashinasidan o‘zini tashlagan fuqaro vafot etdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat joriy yilning 26 iyul kuni sodir bo‘lgan. Tumandagi “Hamid Olimjon” MFYda yashagan T.M. ismli fuqaro soat 01:30 da “Qo‘shtepa” MFYdagi avtomobillarni yuvish shoxobchasida mast holatda jamoat tartibini buzgan. Mahalliy aholi tomonidan qilingan chaqiruvga asosan kelgan IIO xodimlari T.M.ning mastlik holati tarqalguniga qadar Bo‘ka tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli hushyorxonaga olib borish uchun o‘zlariga biriktirilgan xizmat avtomashinasida harakatlangan. Biroq, xizmat avtomashinasining orqa o‘rindig‘ida o‘tirib ketayotgan fuqaro T.M. xodimlardan qochish maqsadida eshikni yelkasi bilan itarib ochgan va o‘zini yerga tashlagan.
Tibbiyot birlashmasining ma’lumotiga ko‘ra, erkakda “bosh qismining ichki va tashqi jarohatlari, shilingan, burun suyagi sinishi va boshqa tan jarohatlari hamda alkogol mastlik holati” aniqlangan. Jarrohlik amaliyoti o‘tkazish zarurati sababli fuqaro Bekobod tumani markaziy shifoxonasiga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan bir qator tergov harakatlari o‘tkazish maqsadida, Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan hamda IIO xodimlari harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, tergov jarayoni viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatining Rishton tumani IIB binosida fuqaro hushini yo‘qotgani ortidan xodimlarga xizmat tekshiruvi tayinlangandi. Shuningdek, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida profilaktika inspektori xotini, bolasi va o‘zini otib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi