Toshkent viloyatida 2 kishi quturgan it tishlashidan vafot etdi
Jamiyat
−
10 noyabr 2021
15374Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida ikki kishi quturish kasalligidan vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mazkur xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘mita o‘tkazgan o‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarlar tasdig‘ini topmagan. Ammo olti oy avval qarovsiz qolgan daydi itning tishlashi natijasida, ya’ni quturgan daydi it jarohat yetkazgan shaxslar o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilmaganligi tufayli olamdan o‘tgan.
“Xabarda qayd etilgan Olmaliq tumanida 141 nafar yoshlarning quturish kasalligiga chalinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mutlaqo asossiz”, deyilgan qo‘mita bayonotida.
Avvalroq, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi Azimobod mahallasida bir bosh sigirda “quturish” kasalligini qo‘zg‘atuvchi babbesh–negri tanachalari aniqlangani sababli mahalla “xavfli hudud” deb e’lon qilingani haqida xabar bergan edik.