Kitobda quturish kasalligi tarqaldimi?
Jamiyat
−
14 iyul 5726 1 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bir oilaning uch nafar a’zosida quturish aniqlangani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 10 iyul kuni Kitob tumanida istiqomat qiluvchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaro xavfli yuqumli kasallikdan shubha qilingan holda shifoxonaga yotqizilgan. O‘tkazilgan epidemiologik o‘rganish jarayonida fuqaro bundan taxminan bir oy avval tulki bolasi tomonidan tirnalgani aniqlangan. Shundan so‘ng u 11 iyul kuni vafot etgan. Hozirda fuqaroning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Bundan tashqari, marhum bilan aloqada bo‘lgan uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy nazoratdan o‘tkazilgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ularda quturish kasalligiga xos klinik belgilar aniqlanmagan.
Hozirda ushbu fuqarolar shifokorlar kuzatuvida bo‘lib, ularga kasallikning oldini olish maqsadida zarur emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Rasmiylar aholini tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ishonmaslikka, ijtimoiy tarmoqlarda esa tekshirilmagan xabarlarni tarqatmaslikka chaqirmoqda.
“Shu o‘rinda fuqarolardan ortiqcha xavotirga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa asossiz va tekshirilmagan ma’lumotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi