Toshkent viloyatida haydovchilardan “dolya” undirib kelgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2020
14688Toshkent viloyatida Bo‘ka-Olmaliq yo‘nalishida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilardan ulush undirib kelgan shaxs ushlandi. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
Joriy yilning 26 sentyabr kuni 36 yoshli F.X. Bo‘ka tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U o‘z arizasida “Sh” ismli shaxs tovlamachilik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida, Bo‘ka-Olmaliq yo‘nalishida yo‘lovchi tashish mumkin emasligini aytib, uni qo‘rqitgan va bu yo‘nalishda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat bergani uchun har bir haydovchidan 10 000 so‘mdan pul yig‘ib kelayotgani, bundan tashqari yangi qo‘shilgan haydovchilardan esa 400 000-500 000 so‘mdan pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan.
Mazkur ariza yuzasidan Bo‘ka tumani IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida “Sh” ismli shaxs 36 yoshli Sh.A., ekanligi aniqlanib, undan F.X., dan talab qilib olgan 160 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan Bo‘ka tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Sh.A., ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha Sh.A. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
LiveBarchasi