Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish: ish sudga oshirildi 

3-sahifa

image

2025 yilning sentyabr oyida Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangan edi. Mazkur holat bo‘yicha ayblov xulosasi tasdiqlanib, ish sudga oshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, joriy yil 10 fevral kuni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ayblov xulosasi tasdiqlanib, Jinoyat-protsessual kodeksining 388-moddasiga (jinoyat ishini sudga yuborish) asosan tegishli sudlovga yuborilgan. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, 11 kishiga Jinoyat kodeksining 186-moddasi 4-qismi “b” bandi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) va 257-1-moddasi 1-qismi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan ayblov e’lon qilingan. Ularning 10 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

2025 yilning 25 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ovqatdan ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyinroq esa yana 694 bola davolangan.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent viloyati ommaviy zaharlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing