Toshkent viloyati bog‘chalaridagi ommaviy zaharlanish: 10 kishi qamoqqa olindi

Jamiyat

image

Avvalroq, 2025 yilning sentyabr oyida Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangandi. Mazkur ish doirasida 10 kishi qamoqqa olindi, 1 kishi uy qamog‘iga yuborildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Bildirilishicha, joriy yilning 10 fevral kuni Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan ayblov xulosasi tasdiqlanib, Jinoyat-protsessual kodeksining 388-moddasiga (jinoyat ishini sudga yuborish) asosan tegishli sudlovga yuborilgan. 

Holat yuzasidan MCHJ direktorlari va xodimlariga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan. Shundan so‘ng,

  • R. O. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ direktori);
  • S. S. (erkak, 1985 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ ta’sischisi va sotuv bo‘limi menejeri);
  • F. O. (erkak, 1990 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ ta’sischisi va direktori o‘rinbosari);
  • A. S. (erkak, 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ bosh texnologi);
  • R. X. (erkak, 1982 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi);
  • M. N. (erkak, 1991 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ texnologi yordamchisi);
  • J. X. (erkak, 1993 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, “Governess Business” MCHJ direktori);
  • F. D. (erkak, 1993 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Kinder Garden Group” MCHJ direktori);
  • I. S. (erkak, 2000 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, “Innavation Outsourcing Servise” MCHJ direktori);
  • B. R. (erkak, 1992 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, “Nishon invest” MCHJ direktori);
  • D. Q. (ayol, 1997 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, “Shark Milk Product” MCHJ laboranti)ga oid jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘ka tuman sudining ish yurituviga kelib tushgan.

Mazkur 11 shaxs Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) 4-qismi “b” bandi va 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda.

Shuningdek, ularning 10 nafariga qamoqqa olish va 1 nafariga uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

2025 yilning 25 sentyabr kuni Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ovqatdan ommaviy zaharlangani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holat ortidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Otabekovga ko‘ra, jami 1922 nafar, shu jumladan, bemor bolalar bilan muloqotda bo‘lgan boshqa bolalar ham tibbiy ko‘rik bilan qamrab olingan, ulardan 959 nafarida hech qanday klinik belgilar bo‘lmagani uchun darhol uylariga javob berib yuborilgan. Qolaversa, 269 bolaga davolanishdan so‘ng uyiga javob berilgan. Keyinroq esa yana 694 bola davolangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Nurota tumanidagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalarida go‘sht mahsulotlarining 4/1 qismi yaroqsiz holatda ekani aniqlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

sud Toshkent viloyati ommaviy zaharlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing