Toshkent va Yangiyo‘l tumanlarida gaz ta’minotidagi avtomatik uzilishning sababi aniqlandi

Jamiyat

image

Joriy yilning 23-24 fevral kunlari ijtimoiy tarmoqlarda iste’molchilarning tabiiy gaz ta’minotidan uzilib qo‘yilganligi hamda elektron gaz hisoblagich o‘rnatilgan xonadonlarda gazning avtomatik tarzda o‘chib qolishi va to‘lov mavjud bo‘lganiga qaramay tarmoqqa qayta ulanish muammolari  ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aholi gaz ta’minoti idoralarida erta tongdan kechgacha navbatda tursa ham muammosi hal bo‘lmay qolgani uchun bunday e’tiroz bildirishga majbur bo‘lgan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘z vakolati doirasida iste’molchilarning (nomuayyan doirasi) huquqlarini himoya qilish maqsadida, Toshkent viloyatining Toshkent  va Yangiyo‘l tumanlaridagi vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganib, muammolarni barataraf qilish yuzasidan bir qator tezkor tadbirlarni amalga oshirib, natijalari haqida ma’lumot berdi.

Ma’lumki, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shart.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 10 iyuldagi 484-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Iste’molchilarni elektr energiyasi va gaz tarmoqlaridan uzib quyish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ning 3-bandiga asosan, iste’molchilar shartnoma majburiyatlarini bajarmaganda, shu jumladan, hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi oqibatida foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yilishi lozim.

Qayd etilishicha, muammo sabablari o‘rganilib, Agentlikning Toshkent viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan “Hududgaz Toshkent” gaz ta’minoti filialiga tabiiy gazni yetkazib berishda iste’molchilarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo‘luvchi omillarni tezkor ravishda bartaraf qilish to‘g‘risida so‘rov xati yuborildi va shu kunning o‘zida 150 nafarga yaqin iste’molchilarni gaz ta’minotiga qayta ulanishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagichlarning avtomatik tarzda o‘chib qolishi bo‘yicha murojaatlarni o‘rganish doirasida elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida dalolatnomalar noto‘g‘ri rasmiylashtirilgani va mazkur dalolatnoma asosida “CSV” bazasiga ma’lumotlar noto‘g‘ri kiritilganini aniqlagan.

“Buning oqibatida bir nechta xonadondagi hisoblagichlar bo‘yicha seriya raqami bazaga bir xil kiritilgan bo‘lib, bu holat bitta qarzdor abonent bilan bir qatorda, boshqa haqdor abonentlarning ham tarmoqdan o‘chirilishiga olib kelmoqda”, deyiladi agentlik xabarida.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasida shartnomaning iste’molchi huquqlarini cheklab qo‘yadigan va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan talablari haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Agar ularni qo‘llanishi natijasida iste’molchiga zarar yetkazilgan bo‘lsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.

Agentlik barcha hududlarda gaz hisoblagichlarni o‘rnatish jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, kelgusida qayta takrorlanmasligining oldini olish hamda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan  “Hududgazta’minot” AJga so‘rov xati taqdim etilganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

tabiiy gaz

Baholaganlar

43

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing