Toshkent va Samarqandda jami 23 nafar bemor koronavirusdan sog‘aydi
Jamiyat
−
01 may 2020
5717Toshkent shahri va Samarqand viloyatida jami 23 nafar bemor koronavirusdan butkul sog‘aydi. Bu haqda bugun, 1 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
“Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 16 nafar bemor hamda Samarqand viloyatida 7 nafar bemor sog‘ayib chiqdi. Ular sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi“, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Toshkentda sog‘ayganlarning 8 nafari Toshkent shahridan, 3 nafari Toshkent viloyatidan, 2 nafari Namangan viloyatidan, Sirdaryo, Samarqand va Andijon viloyatlaridan esa 1 nafardan. Ularning 6 nafari Rossiya Federatsiyasidan Qozog‘iston Respublikasi orqali yurtimizga kelishgan va karantinga olingan. Kasallik aniqlangach, mazkur klinikaga yotqizilgan. 10 nafari esa koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olgan. Ularning 11 nafari erkak, 5 nafari ayol bo‘lib, eng yoshi kattasi 81 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 12 yoshda.
Shuningdek, Samarqandda sog‘ayganlarning barchasi Samarqand viloyati (6 nafari Toyloq tumani, 1 nafari Samarqand tumani)dan. Ular koronavirus infeksiyasiga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, kasallikni yuqtirib olishgan. Ulardan 3 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ularning yoshi kattasi 70 yoshda, yoshi kichigi esa 4 yoshli bola.
Ma’lumot uchun, bugun ayni paytga mamlakatda 49 nafar bemor tuzalib, jami koronavirus infeksiyasidan sog‘ayganlar soni 1182 nafarni tashkil etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirus yuqtirganlar 2075 nafarga yetdi. Bugungacha bemorlarning 9 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi