Toshkent va Qo‘qonda maktabga pichoq olib borgan o‘quvchilar aniqlandi
Jamiyat
−
15 mart
4950Joriy yilning 11 mart kuni Farg‘ona viloyati va Toshkent shahrida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan maktabda pichoq olib yurish bilan bog‘liq ikkita holat aniqlandi. Bu haqda Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Birinchi holat Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan. Soat 13:50 larda 35-sonli maktabga kirishga uringan bir yigitni maktab qorovuli to‘xtatib qolgan. Shu maktabda o‘qiysizmi, degan savolga u o‘qimayman, deb javob bergan va nima uchun maktabga kelganini tushuntira olmagan. Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmatiga qarashli tezkor harakatlanuvchi guruh chaqirilgan, ular esa yigitni ichki ishlar organlari profilaktika inspektoriga topshirgan. U 2007 yilda tug‘ilgan kollej o‘quvchisi I. X. ekanligi aniqlangan. Profilaktika inspektori yigitning ota-onasiga qo‘ng‘iroq qilgan, tintuv vaqtida uning yonidan oshxona pichog‘i topilgan.
Ikkinchi holat esa shu kuni kechki soat taxminan 18:20 larda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli maktabda sodir bo‘lgan. Jismoniy tarbiya darsi oldidan kiyim almashtirish xonasida 10-sinf o‘quvchilari U.I. va T.A. lar sinfdoshlariga sport sumkasida olib yurgan pichoqni ko‘rsatgan. 4-sinf rahbari esa shu pichoqni Milliy gvardiya qo‘riqlash xizmati xodimlariga topshirgan.
O‘quvchilar U.I. va T.A. larning ota-onalari maktabga taklif etilib, ular bilan Mirzo Ulug‘bek tumani IIB profilaktika inspektori va maktab direktori profilaktik suhbat o‘tkazgan. O‘smirlardan pichoq olib qo‘yilib, ularning ota-onalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (“Bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik”) bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 mart kuni Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan 200-maktabda surunkali ravishda dars qoldirayotgan o‘quvchilardan birining otasi janjal ko‘targandi.
LiveBarchasi