Toshkent va Qo‘qonda Haj ziyoratiga noqonuniy yuborishga uringanlar aniqlandi
3-sahifa
−
29 may
4873Toshkent shahri va Qo‘qon shahrida “Haj-2024” ziyoratiga yuborish bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrining Chilonzor tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan shaxs Shayxontohur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning ishonchiga kirib, unga Saudiya Arabistoniga borishi uchun zarur bo‘ladigan viza hujjatlarini tayyorlab berishni aytgan. U ziyoratga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan. Fuqaro pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Boshqa holatda esa poytaxtda faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi xodimi Shayxontohur tumanida yashovchi fuqaroni soxta hujjatlar orqali Haj ziyoratiga yuborish evaziga 5,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Yana bir sayyohlik firmasi boshqaruvchisi va uning xodimi ham Yashnobod tumanida yashovchi fuqaroning ishonchini suiiste’mol qilib, joriy “Haj-2024” mavsumida Saudiya podshohligiga safarga yuborish evaziga 8,5 ming AQSH dollari talab qilgan va u 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, Qo‘qon shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasining ish boshqaruvchisi 2 nafar fuqaroni Haj amallarini bajarishi uchun Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 12 ming AQSH dollari talab qilib, 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.
Qo‘qon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, boshqa sayyohlik firmasi xodimi mahalliy fuqaroni Haj ziyoratiga yuborish evaziga 6 ming AQSH dollari talab qilib, 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
“Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyildi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi “Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘zbekistonliklar uchun Haj tadbiri O‘zbekiston Respublikasining Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra vazirligi o‘rtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi deb belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Saudiya Arabistoni tomonidan belgilangan tartibga muvofiq, chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini ado etishning asosiy sharti – Haj vizasiga ega bo‘lish hisoblanadi. Qolgan barcha turdagi vizalar – umra, turizm, biznes va boshqalar bilan Haj ziyoratiga borish taqiqlanadi. Tartibni buzgan xorijlik Saudiya Arabistonidan deport qilinib, ushbu mamlakatga 10 yil muddatga kirishi taqiqlanadi hamda 50 ming Caudiya riyoli miqdorida jarimaga tortiladi.
LiveBarchasi