Toshkent va Buxoroda “tabletka” savdogarlari ushlandi
Jamiyat
−
20:25 536 1 daqiqa
Toshkent va Buxoroda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘z ichiga olgan dori vositalarining noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari DXX bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yunusobod tumanida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida 47 yoshli fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, yerto‘lada qonunga xilof ravishda saqlanayotgan 84 ta konvalyutadagi jami 1176 dona “Regapen” dori vositasi aniqlangan.
Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasida o‘tkazilgan sud-kimyoviy ekspertiza natijasida ushbu dorilar tarkibida jami 352,5 gramm pregabalin kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi tasdiqlangan. Amaldagi tartibga ko‘ra, pregabalin moddasining 10 grammdan ortiq miqdori ko‘p miqdor hisoblanib, javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida ham tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda tarkibida gabapentin moddasi bo‘lgan 204 dona “Gabaten” dorisini 1600 AQSH dollariga sotishga uringan shaxs qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan O‘zbekistonga kelgan 41 yoshli shaxsning yuk mashinasidan 48,5 kg narkotik topilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi