Toshkent tumanlarini “sariq”dan “qizil”ga o‘tkazish taklif qilindi
Jamiyat
−
13 may 2020
16286Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt Toshkent shahrining ba’zi tumanlarini “sariq“ toifadagi hududdan “qizil“ toifaga o‘tkazish taklif qilingani bo‘yicha Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga nomiga Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahodir Yusupaliyev tomonidan kiritilgan xat surati tarqaldi.
Hali rasmiy ravishda tasdiqlanmagan xatda aytilishicha, agentlik tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri hamda tuman va shaharlarda muntazam ravishda tahliliy ma’lumot olib borilmoqda. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 11 may kuni Toshkentning bir qancha tumanlarida koronavirusga chalinish holatlari aniqlangan.
“Joriy yilning 11 may kuni Toshkent shahrining Shayxontohur, Yunusobod, Uchtepa, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Yashnobod tumanlarida jami 8 ta holatda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar aniqlangani sababli epidemiyaga qarshi kurashish talablaridan kelib chiqib, Agentlik tomonidan mazkur tumanlarni sariq hududdan qizil hududga o‘tkazilishi bo‘yicha taklif kiritiladi”, deyiladi Yusupaliyev imzolagan xatda.
Hozircha ushbu holat yuzasidan Agentlik va shahar hokimligi tomonidan rasmiy bayonot berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 may kuni Toshkent shahridagi barcha tumanlar sariq toifadagi hudud deya belgilangandi.
LiveBarchasi