Toshkent tumanining Olmazorga yaqin hududida 260 gektarlik yangi shaharcha quriladi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Toshkent tumanining Toshkent shahar Olmazor tumaniga yaqin 260 gektar hududida yangi yo‘ldosh shaharcha quriladi.  Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 iyun kuni Olmazor tumaniga tashrifi davomida ma’lum qildi. 

Aholining uy-joyga ehtiyoji yuqoriligini hisobga olib, Toshkent tumanida Olmazorga yaqin hududda 260 gektar yerni ajratib berib, 150 ming nafar aholiga mo‘ljallangan yo‘ldosh shaharcha quriladi.

Tumanda 20 metr kenglikdagi bog‘lar, piyodalar va velosipedchilar yo‘laklaridan iborat, uzunligi 14 kilometr bo‘lgan daryobo‘yi yo‘li barpo etiladi. Bu yerda ko‘plab xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham tashkil etilib, kamida 5 ming nafar aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezidentning qayd etishicha, Olmazor tumaniga yangi loyiha olib kelishga yer maydonlari va binolar yetishmasligi xalaqit bermoqda.

Prezident shu yerning o‘zida  O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatulla Bekenovga bir oy muddatda to‘liq ishlatilmayotgan 12 ta davlat ob’ekti va ilgari xususiylashtirilib, hozir bo‘sh turgan 97 ta bino va yer maydonlari negizida yangi korxonalarni tashkil etish bo‘yicha aniq loyiha takliflarni tayyorlashni buyurdi.

“Yangi loyihalar uchun ko‘proq yer maydoni topish masalasini ham o‘ylashimiz kerak.

Buning uchun, Toshkent tumanida Olmazorga yaqin hududda 200 gektar yer maydonini ajratib berib, yangi sanoat zonasini barpo etishni taklif etaman”, deydi davlat rahbari.

Ma’lum qilinishicha, bu yerda tashkil etiladigan korxonalarda kamida 60 mingta yangi ish o‘rinlarini yaratish mumkin bo‘ladi.

Ushbu masala yuzasidan mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va Toshkent viloyati hokimligi bilan birga ikki hafta muddatda aniq taklif kiritishi belgilandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Olmazor tumani Toshkent tumani

Baholaganlar

156

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing