Toshkent teleminorasini yashin urgani bo‘yicha rasmiy izoh berildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 8 may kuni balandligi 375 metr bo‘lgan Toshkent teleminorasini chaqmoq urgani haqida xabarlar va chaqmoq urishi aks etgan video tarqalgan edi. "Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi" davlat unitar korxonasi, ushbu hodisa bo‘yicha rasmiy izoh berdi.

“Toshkent shahrida kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti vaqtida Toshkent teleminorasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chaqmoq urish hodisasi sodir bo‘lmagan, ya’ni video olingan rakursdan chaqmoq urganligi qayd etilgan bo‘lsa-da, aslida chaqmoq sodir bo‘lishi teleminoradan ma’lum bir masofada bo‘lib o‘tganligini bildiramiz”, deyiladi izohda.

Shuningdek, ta’kidlanishicha, Toshkent teleminorasida bugungi kunda barcha texnik qurilmalar barqaror ishlamoqda va aholiga raqamli televideniye hamda radioeshittirish dasturlari uzluksiz tarqatib kelinmoqda.

“Respublikamizning noyob arxitektura inshooti bo‘lmish Toshkent teleminorasi kuchli chaqmoq urishiga qarshi himoya tizimi va yerga ulanish konturlari bilan ta’minlangan. Shu sababli, chaqmoq urgan taqdirda ham, hech qanday xavf va xavotirga asos yo‘q”, deya xulosa qilinadi rasmiy izohda.

Ma’lumot uchun, Toshkent teleminorasi O‘rta Osiyodagi eng baland binodir. Uning balandligi 375 metrdir. Rasmiy tilda Toshkent teleminorasi H-375m obekti deb ataladi. Teleminora 1978 yildan boshlab, 6 yil davomida qurilgan. 1985 yilning 15 yanvarida ishga tushirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent teleminorasi

Baholaganlar

1269

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing