Toshkent shahrida koronavirusga chalingan necha nafar bola borligi aytildi
Jamiyat
−
17 aprel 2020
13200Toshkent shahri bo‘yicha koronavirusga chalingan bemorlarni tumanlar miqyosida olib qaraladigan bo‘lsa, umumiy 355 ta holatdan Yunusobod tumanida 68 ta, Sergeli tumanida 48 ta, Olmazor tumanida 47 ta, Shayxontohur tumanida 37 nafar, Yashnobod tumanida 35 ta, Mirzo Ulug‘bek tumanida 33 ta, Mirobod tumanida 29 ta, Uchtepa tumanida 27 ta hamda Yakkasaroy tumanida 13 tasi qayd etilgan. Bu haqda Davlat Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov ma’lum qilmoqda.
“Ushbu bemorlarning qayd etilishi infeksiyaning aholi o‘rtasida tarqalganligida emas, balki ushbu kasallar qayd etilgan muassasalarning joylashuviga, qolaversa, karantinda saqlanayotgan fuqarolarni o‘zlari joylashgan manzilga ham bevosita bog‘liq. Shuning uchun tumanlarda qayd etilishiga qarab turib, u yerda ko‘p, bu yerda kam degan xulosa chiqarmasligimiz lozim”, dedi Bahrom Almatov.
Ma’lum qilinishicha, bemorlarning ichida 60 yoshdan oshganlar 32 nafarni, 50-60 yoshgacha 28 nafarni, 20-30 yoshgacha 88 nafarni, 30-40 yoshgacha 82 nafarni tashkil qilmoqda. Bir yoshgacha bo‘lgan bemorlar soni 7 hamda 1 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bemorlar 3 nafarni tashkil etmoqda.
“Ushbu bemorlarni kasallikni yuqtirish yo‘liga qarab tahlil qiladigan bo‘lsak, 355 holatdan 106 tasida charter reyslar orqali mamlakatimizga olib kelingan hamda karantinda saqlangan fuqarolar orasida aniqlangan. 175 ta holatda kasallik ulardan ulardan tarqalgan. Yuqish holati aniqlanmagan 48 ta holat mavjud”, dedi Davlat Bosh sanitariya vrachi Bahrom Almatov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni damda bemorlarning umumiy soni 1390 nafarni tashkil etmoqda. Bugungacha kasallanganlarning 140 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi