Toshkent shahri va 4 viloyatda 6 mlrddan ortiq pul “rastrata” qilingani aniqlandi

Jamiyat

image

Toshkent shahri, Qashqadaryo, Namangan, Andijon, Samarqand viloyatlarida jami 5,2 mlrd 125 mln so‘m va 100 000 (taxminan 1,1 mlrd so‘m) dollar miqdorida kredit mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Uchtepa tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.T.” MCHJ rahbari A.N. va boshqalar kredit ta’minoti sifatida MCHJga qarashli 7 ta maxsus texnikalar mavjudligi va taqiqda emasligi haqida soxta ma’lumotnomalar tayyorlab, bank muassasidan 2,5 mlrd so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan. 

Tashkilotning Dehqonobod tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.P.” xususiy korxonasi rahbari S.X. tijorat banki filialidan naslli chorva mollarini sotib olish uchun 100 000 AQSH dollari kredit ajratilishga erishib, hujjatlarni qalbakilashtirish orqali chorva mollarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, juda ko‘p miqdordagi kredit mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan. 

Shu kabi, departamentning Pop tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “J.I.” MCHJ rahbari B.A. hududiy tijorat banki filiali sobiq boshqaruvchisi M.O. bilan o‘zaro til biriktirib, bank filialidan maxsus texnikalar sotib olish uchun ajratilgan 980 mln so‘m kreditning garov ta’minotini to‘liq ta’minlamasdan, maxsus texnikalarni boshqa shaxslarga sotib yuborib, kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

IJQKDning Izboskan tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “B.B.” MCHJ rahbari B.Q. va boshqalar tijorat banki filialidan Volvo Ew 145 B rusumli ekskavator xarid qilish uchun ajratilgan 845 mln so‘m kredit mablag‘ini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Departamentning Toyloq tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, fuqaro I.Ya. bank muassasi mas’ul xodimlari bilan oldindan o‘zaro til biriktirib, “S.M.” MCHJga 800 mln so‘m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag‘larni soxta monitoring dalolatnomalari tuzish orqali  “R.T.” MCHJga uskuna olish uchun o‘tkazish yo‘li bilan talon-taroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

talon-toroj

Baholaganlar

96

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing