Toshkent shahar hokimligi tilga kirdi. Uyushmaga bildirilgan taklif o‘z kuchini yo‘qotgani aytilmoqda

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning 23 sentyabr kuni O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdan xafaligi, hokim Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda qabul qilingan O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasini bino bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qarorini bajarmay kelayotganini aytgandi. Oradan 5 kun o‘tib hokimlik tilga kirdi va O‘sarovga javob qaytardi. 

Hokimlik rasmiy bayonotida ma’lum qilinishicha, Ortiqxo‘jayev ish boshlagan davr – 2018 yilning iyul oyida uyushmaga uchta binodan joy ko‘rsatilgan. Biroq, uyushmadan javob bo‘lmagan. Hokimlik bayonotida shunday deyiladi:

“So‘nggi yillarda jurnalist va ijodkorlarga alohida e’tibor qaratilib, ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar yaratilmoqda. Prezidentning 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham ijodkorlar uchun mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash va imtiyozlar belgilangan. 

Xususan, qarorda Toshkent shahar hokimligiga ham ma’lum vazifalar yuklatilgan.

2021 yilning 23 sentyabr kuni qator OAVlari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarovning “5 yildan beri Prezident qarori ijrosi ta’minlanmayapti” degan fikrlarini keltirgan.          

Toshkent shahar hokimligi Prezidentning yuqoridagi karori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘sha yilning o‘zidayoq tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirgan. 

Jumladan, Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Islom Karimov ko‘chasi, 16-A uy binosi boshqa davlat idoralari bilan to‘lganligi sababli, Jurnalistlar ijodiy uyushmasiga Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari N. Maksumov tomonidan imzolangan xat (2018 yil 6 iyulda 03-780 sonli)ga asosan uchta bino taklif etilgan.

Xususan, Shayxontohur tumani, Furqat ko‘chasi 1-uy manzilidagi bino Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shohko‘chasi 71-uy manzilida joylashgan binoning 4-qavati va Yashnobod tumani 22-harbiy shaharchada joylashgan bino shular jumlasidandir. 

Ammo O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi taklifga nisbatan hech qanday javob bermaganligi sababli o‘sha paytda bu masala ochiq qolgan”. 

Hokimlik bayonotida ta’kidlanishicha, hozirgi kunda yuqoridagi uchta taklif ham o‘z kuchini yo‘qotgan. 

“Sababi shaharda katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Ko‘plab binolar buzildi, ko‘plarining o‘rniga yangilari bunyod etildi. Buni Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov bilishi, yuqoridagi masala yuzasidan fikr bildirishdan avval masalani o‘rganishi lozim edi. 

To‘g‘ri, Olimjon O‘sarovning uyushmaga rahbar bo‘lganiga endi to‘rt oy bo‘ldi. Bu vaqt mobaynida hamma narsaga ulgurish, hamma narsani bilish qiyin. Ammo “xafa bo‘ldim” deb OAVda chiqishdan avval Toshkent shahar hokimligiga murojaat qilishi maqsadga muvofiq bo‘lgan bo‘lardi”, deyiladi bayonotda.

Hokimlik javob bayonotida muammo bo‘yicha tugal fikr aytilmagan. Kelgusida Prezident qarori bajarilib, uyushmaga qarorda aytilgan yoki boshqa bino taqdim etilishi mumkinligi xususida ham so‘z bormagan. Hokimlikning uyushmaga bergan takliflari kuchini yo‘qotgandir, lekin Prezident qarori o‘z kuchini yo‘qotganicha yo‘q. Nahot, buni hokimlik korchalonlari anglab yetmayapti?!


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent shahar hokimligi Olimjon O'sarov

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing