Toshkent shahar hokimligi xonanda San Jay'ga ish taklif qildi
Jamiyat
−
22 iyun 2021
46470Toshkent shahar hokimligi xonanda San Jay'ning (Sanjar Javberdiyev) ijtimoiy tarmoqlar orqali qilgan murojaatiga o‘z munosabatini bildirib, uni Shayxontohur tuman Obodonlashtirish bo‘limi rahbari lavozimiga ishga taklif qildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Gap shundaki, xonanda San Jay ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan murojaatida odamlar shaharni toza tutmayotganidan xafa bo‘lib, insonlarni tozalikka e’tiborli bo‘lishini so‘ragan edi.
Toshkent shahar hokimligi xonandaning murojaatiga munosabat bildirib, u juda o‘rinli muammoni ko‘targanini ta’kidlagan va unga ish taklif qilgan.
“Xonanda San Jay dolzarb masalani ko‘targan bo‘lib, shahrimizda chiqindilar to‘planib qolmasligi uchun odamlarni befarq bo‘lmaslikka chaqirgan, ular tomonidan muzqaymoq qog‘ozlari, sigareta qoldiqlari, turli salqin ichimliklar idishlarini xohlagan joylarga tashlab ketayotganligini ta’kidlagan. Bunday salbiy holatlar ayniqsa, yoz paytida ko‘payib, go‘zal poytaxtimizning husniga dog‘ bo‘lishi tabiiy hol.
Shu bilan birga, shahrimiz ozodaligi uchun ko‘plab insonlar mehnat qilayotganligi va ularning munosib mehnatini ta’kidlashimiz ham lozim.
Toshkent shahar hokimligi xonanda San Jay'ga poytaxtimiz tozaligiga munosib hissa qo‘shmog‘i uchun uni o‘zi istiqomat qilayotgan Shayxontohur tuman Obodonlashtirish bo‘limi rahbari lavozimiga ishga taklif etadi”, deyiladi hokimlik javobida.
Shahar ma’muriyati xonanda San Jay'dan ushbu taklifni qabul qilishi uchun +998977015111 telefon raqamiga murojaat etishini so‘ragan.
LiveBarchasi