Toshkent shahar hokimligi Bosh prokuraturaga raddiya bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 3 fevral kuni Bosh prokuratura Toshkent shahri Shayxontohur tumanida hokim yordamchisi 427,7  mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgani haqida axborot bergan edi. Bugun, 4 fevral kuni esa Toshkent shahar hokimligi bunga raddiya berdi.

Bosh prokuratur axborotida Shayxontohur tumanida faoliyat yuritgan hokim yordamchisi M.F. 20 nafar fuqarolarga elektron tarzda bergan tavsiyanomalariga asosan, qabul qilib olgan elektron kalitlardan foydalangan holda jami 427,7 mln so‘mlik kredit mablag‘larini qo‘lga kiritgani, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, jumladan ehtiyojmand oila a’zolarining hunarmandchilik, kasanachilik, tomorqadan samarali foydalanish, kichik ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa turdagi faoliyati yo‘lga qo‘yilishini tashkillashtirish uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan ushbu mablag‘ni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aytiladi.

Bundan tashqari, M.F. o‘zining qarindoshlari va boshqa 5 nafar fuqarolarga mahalla hududida yashamagan bo‘lsa-da, qalbaki tavsiyanomalar orqali jami 207,7 mln so‘m miqdoridagi kredit mablag‘lari ajratilishiga erishib, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani ham ma’lum qilingan.

Hokimlik esa Toshkent shahrida bunday tavsifga mos keladigan mansabdor shaxs mavjud emasligini ma’lum qilgan.

“Tarqatilayotgan ma’lumotlarda M.F. deb aytilayotgan shaxs o‘tgan yilning noyabr oyida o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Ommaviy axborot vositalaridan axborotni e’lon qilishda ishonchlilik, xolislik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilishlarini yana bir bor so‘rab qolamiz”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Biroq mazkur axborotning dastlabki manbasi OAV emas, balki Bosh prokuratura sanaladi. Shunga qaramay hokimlik o‘z raddiyasida Bosh prokuraturaning rasmiy axboroti haqida lom-mim demagan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bosh prokuratura

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing