Toshkent shahar hokimiyatining “xurmacha qiliq”lariga DXA ham chiday olmadi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkentda daraxt kesganlar Toshkent shahar hokimi Ortiqxo‘jayevning topshirig‘iga ko‘ra, hisblangan haqida “Ortiqxo‘jayev va uning hokimiyati qonunni mensimaydi...mi?” nomli maqola bergan edik.

Mazkur maqola Toshkent shahar hokimligi tomonidan tarqatilgan xabar va QALAMPIR.UZ surishtiruvlariga asoslangan edi. 

Davlat xizmatlari agentligi ham Toshkent shahar hokimligi tarqatgan xabarga raddiya berdi. Unda shunday deyiladi:

Toshkent shahar hokimligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida “Daraxtlarni kesishga kim ruxsat beradi?” nomi ostida ma’lumot joylashtirildi.

Bir necha oydan beri Toshkent shahrida dolzarb bo‘lib kelgan daraxtlarni kesish muammosi qat’iy e’tiborga olinganmikan, deb ma’lumotni o‘qishni boshladik.

E’tiborimizni tortgan jumla quyidagicha: “...Hokim ushbu noqonuniy harakat bo‘yicha izoh so‘raganida, “tabiat kushandalari” diametri 70-80 santimetr bo‘lgan 20 ta daraxtni kesish uchun "Yagona oyna” davlat xizmatlari markazidan 61 ming so‘m evaziga ruxsat olganliklarini ma’lum qilishdi...”

Bugungi kunda ayrim soha xodimlari qonunchilikda nazarda tutilgan normalarga asoslanmagan holda turli xil ma’lumotlar tarqatmoqda. 

Qolaversa, hozirda Respublikada “Yagona oyna” deb nomlangan tashkilotni o‘zi mavjud emas!

Davlat xizmatlari agentligi amaldagi qonunchilikka muvofiq yuzaga kelgan vaziyatga aniqlik kiritdi:

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 martdagi 255-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga asosan ruxsatnoma berish jarayonini amalga oshirishda hududiy ekologiya organlari o‘z xulosalarini tumanlar (shaharlar) hokimliklariga yuborishi hamda tumanlar (shaharlar) hokimliklari hududiy ekologiya organlarining xulosalariga asosan ruxsatnomalar berishi lozim.

Ushbu ma’muriy reglamentga asosan davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ruxsatnoma olmasdan kesish taqiqlanadi.

Haqiqiy holat quyidagicha:

Toshkent shahar hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli Irrigatsiya xo‘jaligini va ko‘kalamzorlashtirish ob’ektlarini ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi tomonidan 2019 yil 29 mayda Yunusobod tumani Davlat xizmatlari markazi orqali berilgan 9761057-sonli arizaga asosan Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan 2019 yil 4 iyunda davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesish yuzasidan 884-sonli xulosa berilgan.

Biroq, Irrigatsiya xo‘jaligini va ko‘kalamzorlashtirish ob’ektlarini ta’mirlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi tomonidan Yunusobod tuman hokimligining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni kesishga ruxsatnomasi olinmagan.

Toshkent shahar hokimligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida aytib o‘tilgan va qoidabuzarlar taqdim etgan qog‘oz parchasi, aslida daraxt kesishga ruxsatnoma emas, balki DXMga ariza topshirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumot edi.

Ushbu davlat xizmatini ko‘rsatishda vakolatli organlar tuman (shahar) hokimliklari va hududiy ekologiya organlari hisoblanadi.

Qolaversa, ushbu davlat xizmatini ko‘rsatish uchun undirilgan eng kam oylik ish haqining 30 foizi miqdoridagi yig‘imning (o‘sha “61 000 so‘m”) asosiy qismi tuman (shahar) hokimliklari va hududiy ekologiya organlari hisob raqamlariga undirilgan.

Xulosa o‘rnida, matbuot xizmatlaridan turli xil ma’lumotlarni omma e’tiboriga yetkazishdan oldin to‘liq tahlil qilishni va masalani to‘liq ochib berishni so‘ragan bo‘lar edik".

Xullas, Ortiqxo‘jayev jamosining shoshqaloqligi yana bir bor pand berdi. Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati o‘z vazifasidan chetlashib, Matbuot xizmati emas, aksincha, piar xizmati ishini bajarib, OAVdagi maqola va murojaatlarga bepisand qarab kelayotgandi. Mana, oqibati. Matbuot xizmati o‘zi tarqatayotgan xabarning tafsilotlarini aniq o‘rganmasa, tashkilotlar nomini to‘g‘ri yozishni bilmasa... ularni Matbuot xizmati deb bo‘larmidi. Yaqinda Toshkent shahar hokimligida OAV xodimlari uchun Interfaks axborot agentligi xodimlari ishtirokida seminar-trening tashkil etilgan edi. Trening, o‘qish, o‘rganish, tahlil qilish OAVdan ko‘proq Toshkent shahar hokimiyati Matbuot xizmatidagilarga kerakka o‘xshaydi...


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev daraxt

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing