Toshkent osmonida ko‘ringan yorqin ob’ekt Xitoy raketasi bo‘lishi mumkin (video)
Jamiyat
−
09:05 1336 2 daqiqa
Kecha, 19 sentyabr kuni kechki payt Toshkent shahri osmonida juda yorqin, ortidan uzun iz qoldirib harakatlangan ob’ekt kuzatildi. Holat aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Astronomiya instituti mutaxassislari tarqalgan foto va videomateriallarni tahlil qilgan. Ob’ektning tashqi ko‘rinishi, harakat xususiyati va hosil qilgan izida meteor yoki bolidga xos belgilar mavjud emasligi aniqlangan. Mutaxassislarga ko‘ra, kuzatilgan manzara ko‘proq raketa yoki uning yuqori bosqichi bilan bog‘liq hodisaga o‘xshaydi.
“Hozircha eng katta moslik 19 sentyabr kuni Xitoyda amalga oshirilgan kosmik kema uchirilishiga to‘g‘ri kelmoqda. 19 sentyabr kuni Xitoyning Tayyuan kosmodromidan Long March-2D (Chang Zheng-2D) tashuvchi raketasi uchirildi. Raketa PIESAT-2 turkumidagi to‘rtta sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, dastlabki orbital hisob-kitoblar uchirish vaqti, raketaning orbitasi hamda Toshkent osmonida hodisa kuzatilgan vaqt va yo‘nalish o‘rtasida juda yaxshi moslik mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu sababli hozirgi bosqichda eng ehtimolli tushuntirish – Toshkent osmonida kuzatilgan hodisa ushbu kosmik uchirishning raketa bosqichi yoki undan keyingi orbital jarayonlardan biri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Biroq hozircha kuzatilgan ob’ektni aynan Long March-2D raketasining muayyan qismi deb qat’iy identifikatsiya qilishga hali erta. Yangi uchirilgan ob’ektlar bo‘yicha xalqaro orbital kataloglarda zarur elementlar va hodisaga oid mustaqil identifikatsiya hali mavjud emas.
Mutaxassislarning dastlabki xulosasiga ko‘ra, Toshkent osmonida kuzatilgan yorqin hodisa meteor yoki bolidga xos emas.
Live
Barchasi