Toshkent metrosidagi elektron panduslar nega ishlamayapti?

Jamiyat

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropoliteni bekatlarining kirish-chiqish qismlarida o‘rnatilayotgan elektron ko‘targich qurilmalari (panduslar) faoliyatidagi ayrim kamchiliklar hamda ulardan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan noqulayliklar haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlar yuzasidan “Toshkent metropoliteni” AJ munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda metro xizmatlaridan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. Shu sababli, xususan, harakatlanish imkoniyati cheklangan shaxslar va keksa yoshdagi fuqarolar uchun qulay hamda xavfsiz sharoit yaratish maqsadida bekatlarning kirish-chiqish qismlariga elektron ko‘targich panduslari o‘rnatilmoqda. Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyiha Toshkent shahar hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi buyurtmasi asosida amalga oshirilmoqda. Qurilish-montaj ishlarini esa “Texnopark” MCHJ olib bormoqda.

Metropoliten ma’lumotiga ko‘ra, hozirda elektron panduslarni o‘rnatish, sozlash va sinovdan o‘tkazish ishlari davom etmoqda. Shu bois qurilmalardan foydalanishda ayrim noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Qurilmalarning ayrimlari hali to‘liq ishga tushirilmagani qurilish-montaj va sozlash ishlari yakunlanmagani bilan izohlangan.

Xabar qilinishicha, metropoliten mas’ul tashkilotlarga ishlarni jadallashtirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va qurilmalarni foydalanishga tayyor holatga keltirish yuzasidan bir necha bor murojaat qilgan.

Shuningdek, elektron ko‘targich panduslari hozirgacha “Toshkent metropoliteni” AJ balansiga qabul qilinmagan. Barcha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, zarur sinovlardan o‘tkazilgach hamda texnik talablarga muvofiqligi tasdiqlanib, belgilangan qabul qilish tartib-taomillari bajarilganidan so‘ng qurilmalar metropoliten tasarrufiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va qurilmalardan to‘g‘ri foydalanish uchun har bir elektron pandus yoniga foydalanish tartibi bo‘yicha yo‘riqnomalar va tegishli ma’lumotlar joylashtirilmoqda. Metropoliten yo‘lovchilar, jumladan, harakatlanish imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay va xavfsiz infratuzilma yaratish ishlarini davom ettirishini bildirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing