Toshkent maktablarida davomatni SI yordamida nazorat qilish boshlandi
Jamiyat
−
09:52 755 2 daqiqa
Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktablarda o‘quvchilar davomatini sun’iy intellekt yordamida nazorat qilish boshlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida Sergeli tumanidagi maktablarda ishga tushirilgan “SI Davomat” tizimi taqdimoti o‘tkazilgan. U ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini muntazam tahlil qilish va o‘quvchilar davomatini nazorat qilishga qaratilgan.
Bu maktab jarayonlarini raqamlashtirishning birinchi bosqichi bo‘lib, u ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish hamda maktab, o‘qituvchilar va ota-onalar e’tiborini talab qiladigan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi.
Tizim darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilarning faolligi va o‘qitish usullarini fanlar, sinflar va o‘qituvchilar kesimida muntazam tahlil qilib boradi. Olingan ko‘rsatkichlar o‘qituvchilarni uslubiy qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish sifatini baholash va KPI tizimini yanada takomillashtirish uchun asos bo‘ladi.
Smart-kameralar va Face ID texnologiyasi o‘quvchilarning maktabga borishi va darslarda qatnashishini avtomatik ravishda qayd etish imkonini beradi. Ma’lumotlar takroriy dars qoldirishlarni, jumladan, o‘quvchining ayrim fanlar bo‘yicha darslarga kelmasligini aniqlashga yordam beradi. Bu mutaxassislarga sabablarni chuqurroq o‘rganish, oila va maktab bilan hamkorlik qilish va bolaga o‘z vaqtida zarur yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
Agar o‘quvchi uzrli sababsiz darsni qoldirsa, ota-onalarga SMS-xabarnoma yuboriladi. “ERP Maktab” va Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiyalashuv tufayli kasallik sababli dars qoldirilgani avtomatik ravishda hisobga olinadi.
Bildirilishicha, hozirda “SI Davomat” Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda ishlamoqda, u yerda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan. Aprobatsiya natijalari tizimni Toshkent shahridagi boshqa maktablarda bosqichma-bosqich joriy etish uchun asos bo‘ladi.
Live
Barchasi