Toshkent mahallalari anomal qishga tayyormi? Prezident barchasini borib ko‘rdi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2023 11843 2 daqiqa
Bugun, 14 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining Chilonzor tumanida ishga tushirilgan kogeneratsiya inshootini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilgi anomal sovuqda yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslik uchun Chilonzor tumanining Oqtepa va Bog‘zor mahallalariga issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaradigan kogeneratsion qurilmalar o‘rnatilgan. Ular soatiga 4,6 MVt elektr energiyasi hamda 29 gigakaloriyadan ortiq issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilgan loyihaga Germaniyadan gaz-porshenlar hamda “Bosch” qozonlari keltirib o‘rnatildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, issiqlik magistrali almashtirilgan, har bir turar joy binosi va ijtimoiy ob’ektlarda alohida issiqlik taqsimlash punktlari o‘rnatilgan. Jami 13 ming metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlarini yangi, izolyatsiyali quvurlarga almashtirish hisobiga to‘liq yopiq tizimga o‘tkazilgan va yo‘qotishlardan himoya qilingan.
“Bog‘zor va Oqtepa mahallalaridagi transformatorlar almashtirildi, elektr uzatish tarmoqlari yangidan tortildi. Bunga qo‘shimcha, ko‘p qavatli uylar tepasiga quyosh panellari o‘rnatilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Majmua ishga tushirilishi natijasida yiliga 5,3 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar 67 foiz kamayadi, oqova suv tashlanmalari esa umuman bo‘lmaydi.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko‘rgan edi.
Live
Barchasi