Toshkent ko‘chalarida yo‘l qoidasini buzgan hokimning o‘g‘li jarimaga tortildi

Jamiyat 17526
image

Toshkent viloyati Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Rahimov poytaxt ko‘chalarida katta tezlikda avtomobil boshqarib ketayotgani, qaltis manyovr qilgani, yo‘l qoidalarini pisand etmay harakatlanayotgani aks etgan video tarqalgani haqida xabar bergan edik.

Toshkent shahar IIBB mazkur videoga rasmiy munosabat bildirdi va avtomobil haydovchisi jarimaga tortilganini ma’lum qildi.

Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, Tracker rusumli avtomobil haydovchisi (davlat raqami 01 K 550 XA) – 20 yoshli Ismoilov Dilshod Usmon o‘g‘li Chilonzor tumani Bunyodkor ko‘chasida avariyaviy holatni yuzaga keltirgani sababli (videoga tushirilgan holat) O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-5 moddasi ikkinchi qismiga muvofiq jarimaga tortilgan. Uning avtomobili jarima maydonchasiga joylangan.

Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur haydovchi 2019 yilda 8 ta huquqbuzarlik sodir etganligi qayd etilgan (“Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi”), 2020 yilda ham u tomondan sodir etilgan huquqbuzarliklar soni 8 tani tashkil etmoqda (xuddi o‘sha modda bo‘yicha, shulardan to‘rttasining jarimasi to‘langan).

“Hurmatli haydovchilar! Yo‘l harakati qoidalari sizning hayotingiz va sog‘lig‘ingizni asrash niyatida joriy etilgan. Qoidalar mensimasdan, qoidabuzarliklaringizni ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etishingiz bilan yoshlarga yomon o‘rnak bo‘lmoqdasiz – bu esa jiddiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘z sog‘lig‘ingizni asrang. Yo‘l – o‘yingoh emas”, deya ogohlantirgan IIBB.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 341
Reyting: 3
t
×