Olmaliq shahar hokimining o‘g‘li “qovun tushirdi”mi?
Jamiyat
−
30 Sentabr 2020
24989Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimovning o‘g‘li Dilshod Rahimov katta tezlikda avtomobil boshqarib ketayotgani, qaltis manyovr qilgani, yo‘l qoidalarini pisand etmay harakatlanayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha Olmaliq shahar hokimligi rasmiy bayonot bilan chiqmadi, aksincha, Dilshoda Annayeva yozganlari hokimlikning Telegram’dagi sahifasida ilova qilindi.
“Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li bilan bog‘liq bo‘lgan foto va video keng muhokama qilinayapti. Ha, chindan ham mashina boshqaruvidagi shaxs Olmaliq shahri hokimining o‘g‘li, suratdagi ham uning o‘zi”, deb yozadi Annayeva.
Qarangki, bloger erkatoy o‘g‘ilning padari – hokim Usmon Rahimov bilan bog‘langan, gaplashgan.
“Usmon Rahimov holat tufayli rahbariyat va jamoatchilik oldida nihoyatda pushaymon ekanini bildirdi.
“Hokimning aytishicha, bu holat aslida bundan besh oy oldin sodir bo‘lgan, o‘shandan keyin ota va o‘g‘il jiddiy suhbatlashib olishgan. Jarimalar to‘langan, qonunni buzgan o‘g‘ilga chora qo‘llanilgan”, deydi u bilan suhbatlashgan Annayeva.
Buyog‘iga bloger asosiy mavzu qolib, hokimning ommaviy axborot vositalari, blogerlar bilan muloqotini maqtay ketgan.
“Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilib aytmoqchimanki, Usmon Rahimov Toshkent viloyati shahar va tumanlarining hokimlari ichida ommaviy axborot vositalari, blogerlar bilan ochiq va shaffof ishlash bo‘yicha eng peshqadam rahbar. Yaqinda ham ZOOM platformasi orqali muloqot qilib, matbuot anjumani o‘tkazgan edi. Tajribadan ma’lumki, ishlagan odam, ish ketayotgan hudud rahbari OAVdan qo‘rqmaydi, cho‘chimaydi.
U doim har bir murojaat va tanqidiy chiqishga tezkorlik bilan munosabat bildiradi. Ammo bu safar bayonot bermaslikka qaror qildi va to‘g‘ri tushunishni so‘radi. Uning bu jimligida bugun padari buzrukvori davlat ishida, rahbarlik lavozimida mehnat qilayotgan o‘g‘illarga so‘zsiz bir murojaat bor.
Ming afsus, haqiqat shunday – farzandlar otalar uchun javob bermaydilar, ammo, otalar farzandlari uchun javob beradilar.
Yana bir gap. O‘zini ayamay, oilasiga vaqt ajratolmay ishlaydigan insonlar hamma sohada bor. Bunday insonlarga baho berish qiyin. Chunki, mas’uliyat va o‘z ishiga sadoqat nuqtai nazaridan shunday talabchanlik bilan ishlaydilar.
Ammo, naqd gap shuki, farzand tarbiyasiga yetarlicha vaqt ajratish otaning eng birinchi vazifasi – Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimovning ham qalbidan ayni paytda shu fikrlar o‘tayotgani aniq”, deb yozmoqda bloger.
LiveBarchasi