Toshkent XTBB qizini maktabga hijobda kelishini so‘ragan ayolni tahdid qilishda aybladi

Jamiyat

image

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Olmazor tumani Qora-qamish 1/2 dahasida joylashgan 233-maktab direktori O‘g‘iloy Kabulovna ro‘mol o‘ragan qizlarni maktabga kirgizmayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Unga ko‘ra, mazkur holat Olmazor tuman xalq ta’limi bo‘limi ishchi guruhi tomonidan o‘rganildi. Hozirda 233-sonli umumta’lim maktabida 1657 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda, ta’lim rus tilida olib boriladi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali rasmi ko‘rsatilgan voyaga yetmagan qiz maktabning 3-sinfi o‘quvchisi bo‘lib, joriy o‘quv yilida pandemiya sababli o‘quvchining ota-onasi talabi bilan o‘quvchi III-chorakka qadar masofaviy shaklda ta’lim olgan.

2021 yil 18 yanvar kuni o‘quv yilining III-chorak  boshida o‘quvchi qizning onasi maktabga kelib qizi hijobga kirganligini, darslarda hijobda o‘tirishiga maktab ma’muriyatidan ruxsat berishini so‘ragan. Aks holda u voyaga yetmagan farzandini darsga yubormasligini aytgan.

Maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchining onasiga, har bir maktab o‘zining tasdiqlangan ichki tartib-qoidalar to‘g‘risidagi Nizomga amal qilgan holda muassasaning faoliyatini tashkil etishi haqida tushuntirilgan. Jumladan, o‘quv tarbiya jarayonlarini tashkil etilishi yuzasidan tasdiqlangan Nizom asosida faoliyat olib borishi va unda o‘quvchilar kiyinish madaniyatiga rioya etilishi ham ko‘rsatib o‘tilgani, maktab Ustavida belgilangan talablarga ko‘ra ota-onalar farzandlarini majburiy ta’limga jalb etishi shartligi belgilangan. 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi  bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 3-bobi (“Ta’lim muassasasi o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash va ularga qo‘yilgan talablar”) ga asosan, O‘zbekiston Respublikasida aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o‘rta ta’lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o‘quvchilarning maktab formasiga turli din konfessiyalari hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo‘shishga yo‘l qo‘yilmasligi haqida tushuntirilgan. Maktab binosidan tashqarisida esa voyaga yetmagan qizlarning  ro‘mol o‘rab yurishiga maktab ma’muriyatining hech qanday e’tirozi yo‘qligi aytilgan.

“Ona mazkur javobga qoniqmasdan, agar qizim hijobda kelishiga ruxsat berilmasa uning otasi o‘zini osib qo‘yadi, degan tahdid bilan maktabdan farzandini olib chiqib ketgan”, deyiladi boshqarma xabarida.

Maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchining ota-onasiga farzandini maktabga yuborishini so‘rab bir necha marotaba og‘zaki murojaat etilgan. Natija bo‘lmagach, o‘quvchini maktabga qaytarishda amaliy yordam so‘rab  maktab ma’muriyati tomonidan yozma ravishda “Qichqiriq” MFY va uchastka profilaktika noziriga murojaat qilingan. 


Maqola muallifi

Teglar

maktab

Baholaganlar

1600

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing