“Toshkent” xalqaro aeroportida yong‘in chiqdi. Havo bandargohi “svet”dan uzildi

3-sahifa

image

Bugun, 11 sentyabr kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yong‘in chiqdi. Oqibatda Olmataga (KS-128), Nur-Sultonga (HY-721) va Moskvaga (SU-1975) uchayotgan reyslar kechiktirildi. Bu haqda “O‘zbekiston aeroportlari” AJ xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalida tutun paydo bo‘lgan. Yo‘lovchilar va xodimlar zudlik bilan evakuatsiya qilingan. Hodisa joyiga “Toshkent” aeroportining tegishli xizmatlari – Aeroport Yong‘in-qutqaruv xizmati, Parvozlarni elektr-yoritish bilan ta’minlash xizmati va Aviatsiya xavfsizligi xizmati navbatchilik brigadalari zudlik bilan yetib borgan. 

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga birinchi qavat tagidagi transformator podstansiyasida joylashgan uzluksiz elektr ta’minotining qisqa tutashuvi sabab bo‘lgan. Qisqa tutashuv oqibatlarini bartaraf etish hamda voqea joyida ishlayotgan xizmatlar xodimlarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida aeroport terminalini ma’lum muddatga elektr energiyasidan uzib qo‘yishga qaror qilindi”, deyiladi xabarda.

“Uzbekistan Airports Handling” MCHJ direktori Umid Hamroyevga ko‘ra, yerto‘ladan ertalab soat 10:30 atrofida tutun chiqa boshlagan. Aeroport xodimlarining tezkorligi va shahardan kelgan o‘t o‘chirish brigadalari ko‘magida yong‘in tezda bartaraf etilgan. Soat 10:40da aeroportni vaqtincha elektr ta’minotidan uzishga to‘g‘ri kelgan.  

“Yaxshiyamki, hech kim jabrlanmadi. Bir qator reyslar kechiktirildi. Hozirda aeroportning tegishli xizmatlari hodisa joyida ishlamoqda va qisqa tutashuv sabablarini bartaraf etmoqda”,  deydi Hamroyev. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, aeroport xizmatlari havo bandargohini imkon qadar tezroq ochish uchun bor kuchini sarflamoqda. Xozirgi vaqtga kelib, terminalning katta qismida elektr energiyasi tiklangan. 

Qayd etish joizki, “Toshkent” aeroportining uchib kelish zali va mahalliy aviaqatnovlar terminali odatdagi rejimda faoliyat olib bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent xalqaro aeroporti

Baholaganlar

399

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing