Toshkent xalqaro aeroportida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan tizim ishga tushdi

Jamiyat

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilning yanvar oyida 423,7 ming nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 254,1 ming nafarga yoki 2,5 baravarga ko‘p. O‘zbekistonga kelayotgan va undan chiqib ketayotgan fuqarolarning eng katta muammosi esa bu aeroportdagi ko‘p sonli tekshiruvlardir. Bu tekshiruvlar ko‘p vaqtni oladi va xuddi shunday anchagina ovvoragarchilikka sabab bo‘ladi. Lekin endi bu ovvoragarchilikka chek qo‘yish mumkin.

Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida Markaziy Osiyoda yagonaligi aytilayotgan xalqaro xavfsizlik uchish yo‘lagi tizimi ishga tushdi. Bu haqda bugun, 17 fevral kuni aeroportda bo‘lib marosimda ishtirok etgan QALAMPIR.UZ muxbiri ma’lum qildi.

Poytaxt aeroportida joriy etilgan muhim yangilik – bu chegara (bojxona) postida yo‘lovchilarning inson omilisiz pasport nazoratdan o‘tish imkoniyatining yaratilgani bo‘lib, ushbu jarayonda yo‘lovchi pasportni skanerlaydi, yo‘lak o‘tishga ruxsat berganidan keyin kamera oqrali shaxsini tasdiqlaydi. So‘ngra aviatsiya xavfsizligi nazorati zonasiga o‘tadi.

Statistika agentligining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga kelgan chet el fuqarolarining katta qismi sayohat qilish maqsadida emas, asosan O‘zbekistondagi qarindoshlarini yo‘qlash uchun keladi. Yanvar oyi misolida ko‘rssk, bu turistlarning 379,6 ming nafarini yoki 90 %ini tashkil qiladi. Bunda esa O‘zbekistonga qarindoshlarini yo‘qlash istagidagi chet el fuqarolarining yuklari ko‘p bo‘lishi tabiiyligi holda yuklarni tekshirish jarayonlari ham yo‘lovchilarning ortiqcha vaqtini olishi kabi tabiiy.

Shu sababli “Uzbekistan Airports” Toshkent aeroportida elektron chegara nazorati tizimi bilan birgalikda qo‘l yuklarini tekshirish uchun yangi rentgen uskunalarini namoyish etdi. Bunda yuklar maxsus qurilmalar orqali tekshiruvdan o‘tadi va bu unchalik ham ko‘p vaqtni olmaydi.

Umumiy maydoni 935 kvadrat metr bo‘lgan aviatsiya xavfsizligi uchun tekshirish zonasida 9 ta tekshiruv yo‘lagi tig‘iz vaqtda 2400 nafargacha yo‘lovchini o‘tkazish imkonini beradi. 

Muhim yangiliklardan biri shuki, endilikda yo‘lovchilar poyabzallarni yechmasdan maxsus qurilma orqali tekshiruvdan o‘tishlari mumkin.

Zalda qo‘l yuki va katta o‘lchamdagi yuklarni ko‘rish uchun Smiths Detection (Germaniya) rentgen jihozi o‘rnatildi. Kengaytirilgan xavfsizlik choralarini ta’minlash uchun Leidos (AQSH) kompaniyasining ProVision2 tana skanerlari ham o‘rnatildi. Ular yo‘lovchilarni tez va kontaktsiz tekshirish imkonini beradi.

“Xalqaro sertifikatlari mavjud ushbu tizim Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib Toshkent va Samarqand aeroportlarida ishga tushirildi. Bu degani, ko‘rikdan o‘tgan yo‘lovchini boshqa har qanday xalqaro aeroportlar qo‘shimcha tekshiruv standartlari qo‘llamagan holda qabul qila oladi. Eslasangiz, 5−6 yil oldin Nyu-Yorkka va boshqa Yevropa mamlakatlariga uchish uchun boshqa davlatlarga qo‘nib, qaytadan tekshiruvdan o‘tishga majbur edik. Hozir unday emas”, deydi aeroport xavfsizlik qurilmalari bo‘yicha mutaxassis, ITV Soft kompaniyasi ta’sischisi Jamshid Razzoqov.

Uning aytishicha, oldin bir soat ichida 60−70 yo‘lovchi tekshiruvdan o‘tkazilgan, hozirgi tizim bilan bu ko‘rsatkich 180−200 nafarga yetadi.

Shuningdek, endilikda yo‘lovchilar suyuqlik idishlarini ochmasdan tekshiruvdan o‘tishi imkoniyati ham yaratildi. Yonuvchan va portlovchi moddalarni, metall buyumlarni aniqlash imkonini beruvchi Italiya kompaniyasga tegishli SEIA skanerlari orqali suyuqlik idishlarini ochmasdan o‘tish imkoni yaratildi.

 

Qolaversa, hududda yana bir Duty Free do‘koni, kafe va dorixona ham ochildi.

Steril zonada elektron qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega birinchi kovorking burchagi ham tashkil etildi. Yaqin kelajakda terminalning turli joylarida yana bir nechta shunday burchaklar tashkil etish rejalashtirilgan.

“Mart oyi oxiriga qadar steril zonadagi yana bir blok foydalanishga topshiriladi, unda kichik mehmonxona, hammom, tahorat olish va namoz o‘qish xonalari hamda Anjir biznes zali ishga tushiriladi. Bu mutlaqo yangi qurilish bo‘lib, aeroport majmuasini yana 875 kvadrat metrga kengaytirish imkoniyatini beradi, bu esa xalqaro va transfer yo‘lovchilari uchun qulay sharoitlar yaratadi”, dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ra’no Jo‘rayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent aeroportidagi aerodrom majmuasining ikkinchi uchish-qo‘nish yo‘lagini rekonstruksiya qilish va zamonaviy yoritish moslamalarini o‘rnatish jarayoni yakunlanmoqda. Samolyotlar uchun 35 ta turar joy — 3 ta yangi, 32 ta joyni rekonstruksiya qilishni loyihalash esa davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent xalqaro aeroporti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing