Toshkent xalqaro aeroporti ilk bor o‘z-o‘zini keskin yangilamoqchi
Jamiyat
−
06 Sentabr
7527Toshkent xalqaro aeroporti kengayishni boshladi. Endilikda kuzatuvchilar o‘z yaqinlarini qishning sovuq va yozning jaziramasida tashqaridan turib emas, aeroport ichkarisidayoq kutib olishi mumkin. Chunki yangi terminal ishga tushdi.
Aeroport rahbariyatining ma’lum qilishicha, hozirgi kunda 60 ming kvadratlik terminal bilan kengaygan xalqaro aerovokzal hududi 2026 yilgacha yana 2 baravar ortadi. Bu yilga kelib 105 ming kvadratlik xalqaro terminal qurilishi to‘liq tugallanadi.
“Bu degani hozirgi uchib kelish va uchib ketish zallari uyg‘unlashib yagona bitta bino bo‘ladi. To‘g‘risini aytganda, hozir yo‘lovchilarga shu qiyinchilik tug‘dirmoqda. Ya’ni yo‘lovchi uchib kelish zalidan uchib ketish zaliga o‘tishi kerak bo‘lsa, u albatta tashqariga chiqib, yana kirishi kerak. 2026 yilgi loyihamizga ko‘ra, ular birlashadi va o‘z navbatida qo‘shimcha maydonlar, qo‘shimcha ro‘yxatga olish ustunlari, pasport, bojxona, aviatsiya xavfsizligini kamida ikki baravarga ko‘paytiramiz. Hozirgi kunda Toshkent xalqaro aeroportining yo‘lovchi tashish quvvati 1 200 nafarni tashkil qilsa, 2026 yilgacha 2400 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish qobiliyatiga ega bo‘ladi va bu yillik ko‘rsatkichda 13 mln yo‘lovchini tashkil qiladi”, dedi Uzbekistan Airports AJ boshqaruvi raisi Javlonbek Umarxo‘jayev.
Ammo har bir qarich hudud allaqachon egali bo‘lgan tig‘iz Toshkent shahrida aeroport kengayish uchun shuncha yerni qayerdan olyapti?
“Aeroport hozirgi kunda o‘zining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda terminal binosi va havo kemalariga turargohlarni kengaytirib kelmoqda. Biz shahardan qo‘shimcha yer olayotganimiz yo‘q. Yil yakuniga qadar biz yangi kargo terminalini ham ishga tushirishni reja qilganmiz. Bu ham aeroportning o‘z hududidagi bo‘sh turgan joylar hisobidan bo‘ladi”, deya tushuntirdi Uzbekistan Airports rahbari.
Aeroportning o‘z hududi evaziga kengaytirilishi bu vaqtinchalik chora bo‘lib, yaqin yillarda parvozlar soni ortishi bilan shahar markazidagi aeroportlar kichiklik qilishni boshlashi mumkin. Shu sababli ko‘plab rivojlangan mamlakatlar bu muammoning oldini olish maqsadida aeroportlarni shahar chekkasiga ko‘chirish va zamonaviy shaklda qayta qurishni afzal ko‘rishadi. O‘zbekiston-chi?
“Bu qisqa muddatli yechim emas. Yangi aeroport qurish uchun bir qancha bosqichlarni bosib o‘tish kerak. Uning texnik-iqtisodiy asosi, mablag‘larni jalb qilish, investorlarni jalb qilish ishlarini amalga oshirish kerak. Ya’ni bu uzoq yillar davom etadigan protsess. Bu holat hozir o‘rnatilgan tartibda davom etmoqda. Ammo biz baribir Toshkent xalqaro aeroportini kengaytirishimiz kerak. Sababi yo‘lovchi tashish quvvati yillik o‘rtacha 20-25 foizga oshmoqda. O‘tgan yil bilan solishtirilganda bu yil 1,5 millionga ko‘paygan. Keyingi yil ham prognoz bo‘yicha shunday bo‘lishi kutilmoqda. Hozir Toshkent aeroporti 7 mln yo‘lovchi sig‘imga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, yil oxirigacha yo‘lovchilar oqimi 8 milliondan oshiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Aslida biz biroz orqada qolyapmiz. Shu sababli biz aeroportni kengaytirishni jadallashtiryapmiz”, deydi Javlonbek Umarxo‘jayev.
Kengaytirish uchun sarflanayotgan mablag‘lar ham oz emas. Bu pullar nimaning hisobidan ajratilmoqda?
“Modernizatsiya qilish, kengaytirish 100 foiz jamiyat va u tomonidan jalb qilinayotgan kreditlar hisobidan amalga oshirilmoqda. Bu yerda byudjetga yoki boshqa manbalarga bog‘lanmaganmiz. Toshkent xalqaro aeroporti bugungi kunda o‘zini-o‘zi 100 foiz qoplaydigan tashkilot. Aksiyadorlik jamiyati o‘zini-o‘zi boshqarib, qurilish jarayonlarini mutlaq o‘zi amalga oshirmoqda. Hozirgi kunda kredit manbalari bo‘yicha ishlayapmiz”, dedi u.
Ajratilgan pullarning evaziga Uzbekistan Airports yana bir qancha yengilliklarni taklif qilmoqda. Masalan, aeroport tomida ovqatlanish maydoni tashkil qilish rejalashtirilgan.
Ha aytgancha, haydovchilar diqqatiga! Endilikda aeroport oldida 10 daqiqadan ortiq turib qolgan mashinalar jarimaga tortiladi.
Hulkar Murtazoyeva