Toshkent qaytadan quriladi
Jamiyat
−
11 Oktabr
30062Toshkent shahri 2045 yilgacha 7,5 mln aholiga mo‘ljallangan megapolisga aylantiriladi. Bu haqda 9 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishish jarayonida ma’lum qildi.
Bugungi kunda shahar hududi 43 822 gektarni, aholi soni esa 3 milliondan ortiqni tashkil etadi. Kelgusida bu ko‘rsatkich oshib borishi kutilmoqda. Shu sababli ham Toshkent shahri kengaytirilmoqda. Kengayganda ham naq 7 853,3 gektarga. Yangi shahar poytaxt markazidan 20 kilometr masofada, Qorasuv va Chirchiq daryolari oralig‘ida barpo etiladi. Toshkent viloyatidan olinadigan bu yer maydonida qad ko‘taradigan poytaxtning yangi qismi loyihalari esa allaqachon tayyor.
Masalan, Zaha Hadid architects Toshkentning yangi qismida Alisher Navoiy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi, Milliy maqom markazidan iborat majmua quradi va bu majmua 2026 yilgacha qurib bitkaziladi.
“O‘zbekiston azal-azaldan o‘zining milliy qadriyatlari hamda ana shu qadriyatlarni bunyodkorlik ob’ektlari bilan uyg‘unlashtira olgan buyuk me’morlar mamlakati hisoblanadi. Biz ham loyihani boshlashda, avvalo, shu jihatlarga alohida e’tibor qaratdik. Shuningdek, zamonaviy yondashuv asosida loyihaga yanada optimallik bag‘ishlashni maqsad qilganmiz. Ishonamizki, loyiha dunyo miqyosida nodir me’morchilik asariga aylanadi”, dedi Zaha Hadid architects direktori Paolo Matteuzzi.
Zaha Hadid architects dunyodagi eng nufuzli arxitektura firmalaridan biri sanaladi. U jahon arxitekturasida o‘ziga xos yondashuvga ega innovatsion me’mor Zaha Hadid nomi bilan ataladi. Uning har bir loyihasi, jumladan, Londondagi The Serpentine Sackler galereyasi, Guanchjoudagi Opera teatri, Pekindagi Dacin xalqaro aeroporti, Rimdagi Milliy san’at muzeyi, Baku shahridagi Madaniyat markazi hamda dunyoning eng mashhur shaharlarida joylashgan ko‘plab me’moriy san’at asarlarida urbanizm, arxitektura va dizayn uyg‘unligining ajoyib namunalari, shuningdek, 30 yildan ortiq tadqiqot, tajriba va izlanishlarning natijasidir.
Majmuaning asosiy maydoni dizayni uchun tovusdan nusxa olingan. U kechqurun va kunduzi o‘zgacha ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Uning ichki qismlari ham o‘zbekona me’morchilik asosidagi devorlardan nusxa olgan.
Xo‘sh, qurilajak yangi Toshkentni poytaxtning eski muammolari qiynab qo‘ymaydimi? Masalan, tirbandlik, yog‘ingarchilik mavsumidagi suv toshqinlari va elektr energiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolar. QALAMPIR.UZ’ning bu savoliga Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi bosh mutaxassisi Umidjon Fayziyev javob berdi.
“Yangi Toshkentda muammolar bo‘lmasligi bo‘yicha kafolat berolmaymiz. Lekin biz ushbu muammolarni o‘rganib, ularning oldini olgan holda loyiha ishlab chiqilayotganini ayta olamiz. Bugungi kunda mukammal shaharning o‘zi yo‘q. Yangi Toshkent shahrida biz zichlikni hal qilishning eng maqbul yechimini tanladik. Zichlik shaharsozlik normalarini ishlab chiqish bo‘yicha hujjatlarimiz asosida shakllanadi. Barcha binolar shamol yo‘nalishi, insolyatsiya, zilzilabardoshlilikni inobatga olgan holatda qurilyapti”, deya javob berdi u.
Butun O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Toshkent shahrida ham yuzaga kelayotgan energetik inqirozning Yangi Toshkentga ta’siri qanday bo‘ladi? Mazkur savolga javob olish uchun esa tahririyat muxbiri Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi departament boshlig‘i Jahongir Anvarovga mikrofon tutdi.
“Yangi Toshkent shahrini barpo etishdan asosiy maqsad ham eski Toshkent shahrida kuzatilayotgan kommunikatsion, muhandislik tarmoqlari bo‘yicha muammolarni yengillashtirishdir. Albatta, bu yangi shahar bo‘lgani uchun unga alohida muhandislik tarmoqlari, gaz, suv, elektr energiyasi va oqava suv tarmoqlari bo‘yicha alohida loyihalar qilinyapti. Ularning ekspluatatsiyasi ham Yangi Toshkent ma’muriy boshqaruv tuzilmasi orqali amalga oshiriladi. Qolaversa, ushbu hududda eski Toshkent shahrining muhandislik tarmoqlaridan farqli ravishda yangi metod, ya’ni yerosti galereya shaklidagi tunnellar muhandislik tarmoqlari uchun yaratiladi”, dedi u.
Toshkent va Yangi Toshkentning umumiy qo‘shma loyihasi esa Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Toshkentning bosh rejasini ishlab chiqish uchun aynan shu kompaniya tanlangani bir qancha muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Gap shundaki, Cross Works kompaniyasi tashkil etilgan sanasi sifatida 2020 yil ko‘rsatilgan. Ishchi xodimlar soni ham ko‘p emas. Tajriba esa asosan O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan bog‘liq bo‘lib, yirik xalqaro majmualarni barpo etmagan.
Xo‘sh, nima uchun Toshkentni yangidan quradigan korxona sifatida aynan Cross Works tanlandi?
“Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi bosh loyihachi sifatida ishtirok etmoqda. Ushbu korxonaga esa Xitoy, Turkiya, Rossiya kabi boshqa xorijiy kompaniyalardan tajribali mutaxassislar jalb qilingan. Ular bizning muhitimiz, iqlimimiz, milliyligimizni inobatga olgan holda ishlashadi. Biz ko‘plab xorijiy korxonalarni ko‘rib chiqdik, o‘rgandik va eng maqbul yechim sifatida Cross Works hukumatimiz tomonidan tanlandi”, dedi Yangi Toshkentni barpo etish direksiyasi departament boshlig‘i.
LiveBarchasi
06 noyabr