Toshkent, Farg‘ona va Andijonda 12,5 kg narkotik topildi

3-sahifa

image

Toshkent, Farg‘ona va Andijon viloyatida jami 25 ming dozani tashkil qilgan 12,5 kilogramm giyohvandlik vositalari aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Jumladan, joriy yilning 29 oktyabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Farg‘ona viloyatida yashovchi ikki nafar uyushgan narkoguruh a’zolari Farg‘ona viloyati Buvayda tumanida to‘xtatilib tekshirilganda, ularda og‘irligi 10 kilogramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, qo‘lga olindi. Tezkor surishtiruv harakatlari natijasida ular bu faoliyat bilan bir yildan buyon shug‘ullanib kelayotgani, ushbu vositalarni tanishi aytgan manzilga asosan olgani, topshiriqqa ko‘ra bu vositalarni Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatiga tarqatishini bildirgan. O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 20 ming dozani tashkil qiluvchi giyohvandlik vositalari aniqlanib, rasmiylashtirib olindi.

Andijon viloyatida yashovchi ikki nafar shaxs viloyatning Bo‘ston tumanida to‘xtatilib tekshirilganda, og‘irligi 1 kilogramm “gashish” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, tezkor guruh tomonidan ushlandi. Uyushgan jinoiy guruh a’zolari ushbu moddalarni Andijon viloyatida tarqatish bilan shug‘ullanib kelishi, ulardan olingan moddalar jami 2000 ta dozaga teng ekani aniqlandi.

Tezkor guruhlarning navbatdagi o‘tkazgan tadbiri natijasida Toshkent shahrida “gashish”, marixuana, mefedron sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida tarqatayotgan talabalar qo‘lga olindi. 1999 yilda tug‘ilgan, Toshkent shahrida yashovchi fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, 700 gramm marixuana va 600 gramm “gashish” giyohvandlik vositalari hamda 100 gramm mefedron sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalillar tariqasida hujjatlashtirib olingan. Surishtiruv davomida ushbu fuqaro Telegram’dagi internet narkodo‘konida kladmen lavozimida ishlab kelib, sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida tarqatish bilan shug‘ullanayotgani aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor qidiruv harakatlari davom ettirilib, tadbir davomida bir nechta shu kabi holatlar aniqlandi. Qashqadaryodan bo‘lgan 2004 yilda tug‘ilgan 4-bosqich talaba 2005 yilda tug‘ilgan surxondaryolik 3-bosqich talaba bilan birgalikda Yakkasaroy tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyning oldidan giyohvandlik vositalarini olgan vaqtida ushlandi. Cho‘ntaklaridan jami 82 dona “izalenta” bo‘laklariga o‘ralgan 82 gramm mefedron, “gashish”, marixuana giyohvandlik vositalari topildi. Tezkor tadbirlar natijasida jami 1,5 kilogramga yaqin bo‘lgan giyohvandlik vositalari tarqalishi oldi olindi. Holat yuzasidan tezkor qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan Buxoro viloyatiga yetkazib berilgan 45 kg giyohvandlik vositasini olib ketayotganlar ushlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

narkotik narkokur'erlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing