Toshkent-Dushanbe yo‘nalishida parvozlarni tiklash kechiktirilishi mumkin

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston va Tojikiston Toshkent-Dushanbe o‘rtasidagi aviqatnovni tiklashga kelishgani, endilikda aniq sana va parvozlar chastotasini belgilash kerakligi haqida xabar bergan edik.

Parvozlarni 1 noyabrdan tiklash bo‘yicha muhokamalar o‘tkazilayotgandi. Ammo yakunda bu variant tasdiqlanmagan ko‘rinadi.

“Aziya-Plyus”ning xabar berishicha, Toshkent-Dushanbe yo‘nalishida parvozlarni 2021 yil 1 yanvardan tiklash imkoniyati o‘rganilyapti.

Nashr manbasi ikkala davlatda ham koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan qiyin epidemiologik vaziyat rasmiylarga ushbu masala bo‘yicha tezkor va yakuniy qaror qabul qilishga imkon bermayotganini ta’kidlagan.

Ayni paytda, Tojikiston fuqaro aviatsiyasi agentligi Toshkentga parvozlarni qayta boshlash uchun ruxsat olgan, ammo birinchi parvozning aniq sanasi va parvozlar jadvali noma’lum.

Agentlik Tojikistonda koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika shtabidan ruxsat olganini tasdiqlagan.

“O‘zbekistonlik hamkasblarda ham tegishli qaror bor, ammo parvozlar boshlanishining aniq sanasi hozircha noma’lum. Parvozlarni boshlashdan oldin, barcha punktlarni aniqlab olish kerak: qaysi aviakompaniyalar, qaysi jadvalga muvofiq, pandemiya bilan bog‘liq tartiblar”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, ular yaqin kunlarda Tojikiston va O‘zbekiston aviatsiya ma’muriyatlarining shu va boshqa masalalarni muhokama qilish uchun onlayn yig‘ilishi tashkil etilishi, unda kutilganidek birinchi parvoz sanasi va Dushanbe-Toshkent-Dushanbe yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar jadvali tasdiqlanishi haqida xabar berishdi.

Ma’lumot o‘rnida, Toshkent va Dushanbe o‘rtasida aviaqatnovlar joriy yilning 16 mart kuni to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston shu kundan boshlab Tojikiston bilan quruqlikdagi chegaralarini ham yopgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Tojikiston aviaqatnov

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing