Toshkent davlat tibbiyot universiteti dunyoning TOP-1000 oliygohlari ro‘yxatiga kirdi
Biznes
−
15 iyul 6242 4 daqiqa
Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi e’lon qilgan “Impact Rankings–2026” natijalariga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tarixida ilk bor dunyoning TOP-1000 universiteti qatoridan joy oldi. Universitet “Sog‘liq va farovonlik” (SDG 3) yo‘nalishi bo‘yicha dunyoda 81-o‘rin, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari orasida esa 1-o‘rinni egalladi.
(4).png.jpg)
Bu natija oliygohning 2030 yilga mo‘ljallangan strategik maqsadlaridan biri rejalashtirilgan muddatdan ancha oldin amalga oshganini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, universitet bu natijaga qanday erishdi?
(5).png.jpg)
Joriy yilning 24 iyun kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida bo‘lib o‘tgan Global Sustainable Development Congress–2026 forumida Times Higher Education (THE) xalqaro reyting agentligi o‘zining “Impact Rankings–2026” natijalarini e’lon qildi.
Natijalarga ko‘ra, Toshkent davlat tibbiyot universiteti 601–800-o‘rinlar guruhidan joy olib, dunyoning TOP-1000 universitetlari qatoriga kirdi. Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarining BMT tomonidan belgilangan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadi (SDG)ni amalga oshirishga qo‘shayotgan hissasi asosida shakllantiriladi. Unda ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, sog‘liqni saqlash, innovatsiyalar, ijtimoiy mas’uliyat, atrof-muhitga munosabat va xalqaro hamkorlik kabi ko‘plab mezonlar hisobga olinadi.
.png)
Universitet uchun eng muhim natijalardan biri – “Sog‘liq va farovonlik” (SDG 3) yo‘nalishida qayd etildi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti ushbu mezon bo‘yicha dunyoda 81-o‘rinni, O‘zbekistonda esa 1-o‘rinni egalladi. Mazkur ko‘rsatkich nafaqat tibbiy ta’lim sifati, balki klinik faoliyat, ilmiy tadqiqotlar, profilaktika dasturlari hamda aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ham qamrab oladi.
(7).png.jpg)
Bu muvaffaqiyat universitet uchun navbatdagi reyting natijasigina emas. U so‘nggi yillarda ta’lim mazmunini yangilash, ilmiy faoliyatni kuchaytirish, klinik amaliyotni takomillashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilgan islohotlarning xalqaro mezonlar asosida e’tirof etilganidan dalolat beradi.
Xalqaro reytingga olib kelgan o‘zgarishlar
Bugungi kunda Toshkent davlat tibbiyot universiteti Markaziy Osiyodagi yirik tibbiy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetda qariyb 4,5 ming nafar professor-o‘qituvchi 32 mingdan ortiq talabaga bakalavriat, magistratura, klinik ordinatura va doktorantura bosqichlarida hamda tibbiyot va pedagogik kadrlarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash yo‘nalishlarida ta’lim bermoqda.
(8).png.jpg)
So‘nggi yillarda universitetda ta’lim tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, transformatsiya qilindi. Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Litva, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoy mutaxassislari ishtirokida Xalqaro ekspertlar kengashi tashkil etildi. Ularning tavsiyalari asosida o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari qayta ishlab chiqildi, qator yo‘nalishlar dunyoning yetakchi universitetlari tajribasi asosida yangilandi.
(9).png.jpg)
Shuningdek, kompetensiyaga asoslangan ta’lim modelini joriy etishga alohida e’tibor qaratildi. Germaniya, Buyuk Britaniya, Litva, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarning nufuzli xorijiy oliygohlar hamda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda zamonaviy o‘quv dasturlari ishlab chiqildi.
(10).png.jpg)
Universitet infratuzilmasi ham bosqichma-bosqich modernizatsiya qilindi. Auditoriyalar, laboratoriyalar va simulyatsiya markazlari zamonaviy tibbiy uskunalar, robot-simulyatorlar, fantomlar hamda raqamli texnologiyalar bilan jihozlandi. Ta’lim jarayoniga virtual laboratoriyalar, VR va AR texnologiyalari, sun’iy intellekt elementlari hamda interaktiv platformalar joriy etildi.
(11).png.jpg)
Ta’lim jarayonida dual yondashuv kengaytirildi. Talabalar nazariy bilimlarni auditoriyalarda o‘zlashtirsa, amaliy ko‘nikmalarni universitet klinikalari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ko‘p tarmoqli shifoxonalar, poliklinikalar va xususiy klinikalarda mustahkamlamoqda. Bu esa bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi va mehnat bozoriga moslashuvini sezilarli darajada oshirmoqda.
(12).png.jpg)
Ushbu yutuq universitetning navbatdagi muvaffaqiyatigina emas. Bu – Yangi O‘zbekistonda ilm-fan, tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning xalqaro maydondagi munosib e’tirofi, milliy ilmiy maktablar qudrati va inson kapitaliga berilayotgan yuksak baho. Zero, universitetning haqiqiy nufuzi uning devorlari bilan emas, balki tarbiyalagan olimlari, yaratgan ilmiy maktablari va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi bilan o‘lchanadi. Toshkent davlat tibbiyot universitetining bugungi yutug‘i esa, ana shu yuksak mezonning yorqin ifodasi hamda so‘nggi yillarda amalga oshirgan keng ko‘lamli islohotlarining xalqaro e’tirofini anglatadi.
Vebsayt - www.tashmeduni.uz
Instagram - www.instagram.com/tashmeduni
Facebook - www.facebook.com/tashmeduni
Telegram - www.t.me/tashmeduni
Telefon - +998 78 150 78 25
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust