“Amerikani ochish kerak emas”. Turdimov ta’lim tizimida qanday ishlar qilishini aytdi (video)

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda ta’lim tizimini rivojlantirish uchun Amerikani ochish kerak emas. Bu haqda Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov bugun, 22 oktyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Bolalar farovonligi uchun sarmoya” mavzusidagi sammitda jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

“Biz hamma ishni joy-joyiga qo‘yamiz, yangilik qilib Amerikani ochish kerak emas. Bugun hamma narsa davlat tomonidan yaratilgan. 

Agar siz menga yordam bermasangiz, boshqalar yordam bermasa... Birinchi navbatda har bitta farzandi bor fuqaro o‘zining o‘rnini maktabdan topishi kerak, farzandidan topishi kerak. O‘tirib olib savol berish oson. To‘g‘rimi-yo‘qmi? Qayerdan, qanday qilmoqchisan? Men hech narsa qilmayman. Men faqat tartibni, talabni joyiga qo‘yib, shuni hisobidan ertaga samarali natijaga erishmoqchiman. Endi yangi qonun qabul qilmaymiz. Hamma narsa bor”, deydi vazir.

Uning aytishicha, ota-onalar ham farzandiga ko‘proq e’tibor berishi, birga o‘tirib dars qilishi kerak.

“Nima yetishmaydi o‘qishingiz uchun, farzandingiz uchun? Sizning farzandingiz bormi? Mana shu farzandingiz bilan har kuni bir soat vaqt ajratib, dars qilasizmi? Dars qilmaysiz. Ko‘pchilik qilmaydi. Biz dars qilishimiz kerak, farzandimizdan so‘rashimiz kerak, farzandimizga o‘rgatishimiz kerak. Agar farzandimiz bilan birga ishlamasak, o‘qituvchini yomonlayversak, o‘qituvchining mavqeyi qachon oshadi? Qachon-ki siz bilan biz munosabatimizni o‘zgartirsak oshadi. Agar siz bilan biz munosabatimizni o‘zgartirmasdan, faqat o‘tirib nuqson izlaydigan bo‘lsak, joyimizda depsinib turaveramiz”, deydi Erkinjon Turdimov.

Shuningdek, vazirning aytishicha, shuning uchun ta’lim jamiyatning ishi, hammaning ishi. 

“Lekin ta’lim vazirligimizning o‘zining o‘rni bo‘lishi kerak. Hozir mana sessiyada eshitgan bo‘lsangiz, shu savolingizga aniq javob berdim: vazirlik maktabgacha ta’limdan, ya’ni bog‘chada, maktab ta’limida, ya’ni maktabda, oliy ta’limda, ilm-fanda o‘zining o‘rnini topishi kerak. Shu o‘rnimizni topishimiz uchun jamoatchilik bilan, sizlar bilan birgalashib, albatta shu ishlarni qilamiz”, deydi Erkinjon Turdimov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi birlashtirilib, Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilgan edi va unga Erkinjon Turdimov rahbar etib tayinlangandi. Shuningdek, 12 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev nega Erkinjon Turdimovni Ta’lim va ilm-fan vaziri lavozimiga tayinlagani haqida gapirdi. O‘sha kuni unga biriktirilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlar ma’lum bo‘ldi. 20 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarori bilan yangi vazirga 3 nafar o‘rinbosar tayinlandi. Keyinroq, Turdimovga istisno tariqasida vazirlikning markaziy apparatiga 2027 yil 1 fevralga qadar xodimlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbat asosida ishga qabul qilish vakolati berilishi ma’lum qilindi va shu kunning o‘zida vazirlikda beshta rahbarlik lavozimiga tayinlov bo‘ldi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing