O‘zbekistonda o‘qituvchi va o‘quvchilar psixologik tekshiruvdan o‘tkaziladi

Jamiyat

−

image

O‘zbekistondagi ta’lim tashkilotlarida pedagoglar va o‘quvchilar har o‘quv yilida kamida bir marta psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi. Bu haqda Prezident joriy yilning 19 oktyabr kuni imzolagan “Uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, 2026/2027 o‘quv yilidan maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida, 2027/2028-o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim muassasalarida yo‘lga qo‘yiladi.

Diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada amalga oshiriladi. Bunda shaxsga doir ma’lumotlar va tekshiruv natijalarining sir saqlanishi ta’minlanadi.

Natijalar sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar uchta guruhga ajratiladi. Bular – “psixologik barqaror”, “psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj” va “faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur” guruhlar.

Birinchi guruhdan tashqari, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj deb topilgan shaxslarga yordam ko‘rsatiladi. Ikkinchi guruhga kiritilganlar bilan ta’lim tashkiloti psixologi ishlaydi. Faol psixologik yordam zarur deb topilganlarga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.

Qarorda psixologlarning malakasini oshirish va ularni moddiy rag‘batlantirish choralari ham belgilangan. Jumladan, kaskadli malaka oshirish kurslariga o‘qituvchi sifatida jalb etilgan psixologlarga asosiy ish joyidagi lavozim maoshiga nisbatan 20 foiz ustama to‘lanadi.

O‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori natijalarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi. Ta’lim tashkilotlaridagi psixologik xizmat xodimlari esa kamida besh yilda bir marta malaka oshirishi shart.

Bundan tashqari, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi. U Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

2027 yilning 1 yanvaridan institutda Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing