Toshkent havosi tozalanmoqda – O‘zgidromet

Jamiyat

image

Bugun, 7 noyabr kuni soat 11:00 holatiga Toshkent havosining ifloslanish darajasi normal deb qabul qilingan konsentratsiyadan 3,3 barobar oshiq bo‘ldi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, Toshkentda havoning ifloslanish darajasi o‘tgan kunlarga nisbatan pasayishni boshlagan. 

Markaz shamol yo‘qligi va avtotransport vositalarining kamligi tufayli havo sifati yanada yaxshilanishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq, O‘zbekistonga yoprilgan qum bo‘roni mamlakatdan chekinib, qo‘shni davlatlarga ko‘chayotgani haqida xabar bergan edik.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.

Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.

“O‘zgidromet” kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan. Sinoptiklar 12 noyabrgacha mamlakatda yog‘ingarchilik kutilmayotganini, shu sababli havodagi chang yana bir muddat saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

370

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing