Toshkent havosi ifloslanishi yana rekord darajani qayd etdi

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentda havo ifloslanishi, chang ko‘tarilishi bilan bog‘liq holat qish bo‘lishiga qaramay, surunkali ravishda davom etmoqda. Bugun, 3 dekabr kuni poytaxtda bir necha bor chang ko‘tarilishi kuzatildi. 

AQSHning Toshkentdagi elchixonasida joylashgan havo tozaligini nazorat qilish stansiyasi havoning ifloslanish darajasi kun davomida bir necha marta ko‘tarilganini tasdiqlamoqda. 

Qayd etilishicha, poytaxt Toshkentda havoning ifloslanish darajasi 3 dekabr kuni soat 18:00 holatiga ko‘ra, rekord – 190 darajani tashkil etgan. 

Aslida, AQSH elchixonasi havo stansiyasi joriy yilning 5-6 dekabr kunlari poytaxt havosi 150-160 darajada ifloslanishini taxmin qilgan edi. Bugungi prognozga ko‘ra, havoning ifloslanishi 50-60 daraja bo‘lishi kutilgandi. Biroq, 3 dekabrga o‘tar kechasi soat 2:00 dan boshlab Toshkentda havo sifati keskin tushishi kuzatilgan. Soat 4:00 va 6:00 da havo ifloslanishi 150 darajani tashkil etgan. Soat 7:00 dan 11:00 gacha havo sifatining tiklanishi sezilgan. 12:00 dan boshlab yana havodagi ifloslik darajasi ortib borgan. 

Bundan bir necha kun avval Gidrometereologiya xizmati markazi joriy yilning 1-2 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali Eron hududlaridan juda iliq va quruq havo kirib kelishi, havo haroratining keskin ko‘tarilishi fonida respublika bo‘yicha shamol 17-22 m/s gacha kuchayishi, ba’zi joylarda 25-28 m/s gacha yetishi, ayrim viloyat va tumanlarda changli bo‘ron hamda chang g‘uborlari ko‘tarilishi kuzatilishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.

Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.

“O‘zgidromet”  kuzatuvlariga ko‘ra, so‘nggi 150 yil ichida O‘zbekistonda bunday changli g‘ubor hodisasi kuzatilmagan. Sinoptiklar 12 noyabrgacha mamlakatda yog‘ingarchilik kutilmayotganini, shu sababli havodagi chang yana bir muddat saqlanib qolishi mumkinligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

450

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing