TOP-13: Qaysi davlatlar Tokio Olimpiadasi g‘oliblariga millionlab dollar sarfladi?

Sport

image

Joriy yilning 23 iyulidan 8 avgustiga qadar bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. 

An’anaga muvofiq, aksariyat mamlakatlar hukumati va sport federatsiyalari tomonidan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida medal qo‘lga kiritgan sportchilarga mukofot pullari taqdim etildi. “Forbes” ma’lumotiga ko‘ra, 13 ta davlat o‘z delegatsiyalaridagi g‘olib va sovrindor sportchilar uchun million dollardan ziyodroq mablag‘ sarf etgan.

Qayd etish keraki, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Shvetsiya kabi davlatlar o‘z sportchilariga medallar uchun mukofot puli to‘lamaydi. Avstraliya, Kanada va Fransiya singari sporti rivojlangan mamlakatlar esa ma’lum miqdorda sportchilarni rag‘batlantirgan. Aksincha, ba’zi kichik davlatlar bonuslar va katta miqdordagi pullarni taklif qiladi. Masalan, Singapur oltin medal sohiblariga taxminan 738 000 dollar mukofot puli va’da qilgan, Malayziya esa bir martalik to‘lov sifatida 237 000 dollar va umrbod nafaqa to‘laydi. Ammo bu mamlakatlar odatda ko‘p medallarni qo‘lga kiritmaydi va shuning uchun ko‘p mablag‘ sarf etilmaydi.

Xitoy 2008 yilgi Pekin Olimpiadasining oltin medal sohiblariga 51 ming dollar to‘laganidan so‘ng, berilgan mukofotlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilmadi. Hisobotlar shuni ko‘rsatadiki, chin yurti vakillari medallar jamg‘arish bo‘yicha AQSHni ortda qoldirsa, yaxshigina qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi. Rossiyada ham bu borada aniq ma’lumot berilmagan.

Italiya
Medallar: 10 ta oltin, 10 ta kumush, 20 ta bronza
To‘lov: 9,07 million dollar
1992 yildan buyon yozgi Olimpiya o‘yinlarida 27 tadan ko‘p medal qo‘lga kiritmagan, shuning uchun, Italiya bonuslar miqdorini oshirdi. Oltin uchun taxminan 212 ming dollar, kumush uchun 106 ming dollar va bronza uchun 71 ming dollar miqdoridagi mukofot pullari sportchilarga taqdim etilgan. 

AQSH
Medallar: 39 ta oltin, 41 ta kumush, 33 ta bronza
To‘lov: 7,84 million dollar

Olimpiada bahslarida amerikaliklarning eng yaxshi ko‘rsatkichini beshta oltin medalga sazovor bo‘lgan suzuvchi Kalab Dressel qayd etdi. Biroq AQSH beysbol jamoasi kumush medalni qo‘lga kiritgani uchun 24 o‘yinchining har biri 22 500 dollar bilan mukofotlandi. Oltin medal uchun 37 500 dollar beriladi. Aslida jamoaviy musobaqalarda qo‘lga kiritilgan medallar rasman bitta hisoblanadi.

Fransiya
Medallar: 10 ta oltin, 12 ta kumush, 11 ta bronza
To‘lov: 6,51 million dollar

Fransiya sportchilari Tokiodan 33 ta medal bilan qaytdi, bu esa, 1992 yildan buyon Olimpiya o‘yinlarida qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir. Mamlakat hukumati har bir oltin medal uchun, taxminan, 76 ming dollar mukofot puli taqdim etdi.

Vengriya
Medallar: 6 ta oltin, 7 ta kumush, 7 ta bronza
To‘lov: 5,64 million dollar

Garchi vengriyaliklar umumiy hisobda 20 ta medal qo‘lga kiritgan bo‘lsada, suv polosi bo‘yicha bronza medalini qo‘lga kiritgan erkaklar va ayollar tema jamoasining 26 o‘yinchisiga 2,46 million dollar mukofot puli to‘langan.

Tayvan
Medallar: 2 ta oltin, 4 ta kumush, 6 ta bronza
To‘lov: 4,92 million dollar

Olimpiya o‘yinlarida rasmiy ravishda Xitoy Taypeyi nomi bilan ishtirok etgan Tayvan o‘z sportchilariga oltin medal uchun taxminan 719 ming dollar, kumush medal uchun 252 ming dollar va bronza medal uchun 180 ming dollar mukofotni va’da qilgan. Mamlakat delegatsiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan 12 ta medal evaziga 2000 va 2004 yilda qo‘lga kiritilgan natijalar yangilandi.

Yaponiya
Medallar: 27 oltin, 14 kumush, 17 bronza
To‘lov: 4,03 million dollar

Mezbon mamlakatlarda medallar jamg‘arish bo‘yicha o‘sish kuzatilgan. Masalan, Yaponiya Rioda qo‘lga kiritilgan natijani yaxshilay oldi. Har bir oltin medal uchun esa, 46 000 dollar mukofot puli va’da qilingan.

Ispaniya
Medallar: 3 ta oltin, 8 ta kumush, 6 ta bronza
To‘lov: 2,55 million dollar

Ispaniya Olimpiya qo‘mitasi yakka tartibdagi musobaqalarda oltin medal sohiblariga taxminan 110 ming dollar, kumush medal egalariga 56 ming dollar va bronza medal sohiblariga 35 ming dollar to‘lagan, jamoaviy musobaqalar sovrindorlariga esa bundan kamroq. 

Turkiya
Tokio medallari soni: 2 ta oltin, 2 ta kumush, 9 ta bronza
Umumiy to‘lov: 2,26 million dollar

Turkiyada sportchilarga har bir oltin medal uchun taxminan 380 ming dollar, har bir kumush uchun 230 ming dollar va bronza uchun 115 ming dollar mukofot puli taqdim etilgan.

Serbiya
Medallar soni: 3 ta oltin, 1 ta kumush, 5 ta bronza
To‘lovning umumiy miqdori: 2,01 million dollar

Suv polosi bo‘yicha serbiya erkaklar terma jamoasi Olimpiadaning eng so‘nggi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuning hisobiga jamoaning har bir vakiliga bonus sifatida pul mablag‘lari taqdim etilgan.

Gonkong
Medallar: 1 oltin, 2 kumush, 3 bronza
To‘lov: 1,93 million dollar

Gonkong hudud jihatdan alohida ma’muriy mintaqa yoki mamlakat emas, lekin Olimpiya o‘yinlarida Xitoydan alohida, o‘z bayrog‘i ostida qatnashadi. 643 ming dollar oltin medal uchun taqdim qilingan.

Avstraliya
Medallar: 17 oltin, 7 kumush, 22 bronza
To‘lov: 1,05 million dollar

Avstraliya Olimpiya qo‘mitasining bronza uchun 7 000 dollar, oltin uchun esa 15 000 dollargacha pul to‘laydi. Biroq sportchi bir nechta medal qo‘lga kiritgani uchun qo‘shimcha daromad olish imkoniyatiga ega emas.

Indoneziya
Medallar soni: 1 oltin, 1 kumush, 3 bronza
Umumiy to‘lov: 1,04 million dollar

Indoneziya sportchilari oltin medal uchun 346 ming dollar miqdoridagi mablag‘ga ega bo‘ladi. Shuningdek, oltin medal qo‘lga kiritgan badmintonchilar umrlarining so‘nggiga qadar 1 400 dollar miqdorida oylik nafaqaga ega bo‘ladi. 

Kanada
Medallar soni: 7 oltin, 6 kumush, 11 bronza
Umumiy to‘lov: 1 million dollar

Kanada sovrindor sportchiga qo‘lga kiritilgan oltin medal uchun 8 000 dan 16 000 dollargacha miqdorda mablag‘ ajratgan. Futbol bo‘yicha ayollar terma jamoasi Olimpiada chempioni bo‘ldi va jamoaning har bir futbolchisi mukofot pullari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda Oltin medal qo‘lga kiritgan sportchilarga 200 000 dollar, bronza medal sohiblariga 50 000 dollar mukofot puli berilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Olimpiadaga litsenziya olgan 67 nafar sportchining har biri 100 million so‘m, murabbiy esa 50 million so‘m bilan rag‘batlantirilgan edi. 

Kecha, 9 avgust kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Olimpiya chempionligini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov Tahoe avtomobili hamda uch xonali “kottej” bilan, bronza medalga ega bo‘lgan Behzod Abdurahmonov hamda Davlat Bobonov TrailBlazer va ikki xonali uy bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Italiya Tokio-2020 Trailblazer Milliy olimpiya qo'mitasi Tahoe Medal'

Baholaganlar

950

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing