Tong “sovg‘asi”: KXDR Yapon dengizi tomon raketa uchirdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Bugun, 19 oktyabr kuni Janubiy Koreya harbiylari Koreya Xalq Demokratik Respublikasi Yapon dengizi tomon noma’lum o‘q otgani haqida xabar berdi. Keyinchalik, ballistik raketa sinovdan o‘tgani aniqlandi.  

Ta’kidlanishicha, bu suv osti kemasi ballistik raketasi bo‘lishi mumkin. O‘z navbatida, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida KXDRdan ikkita raketa uchirilganini aytgan. 

Yaponiya mudofaa vaziri Nobuo Kishiga ko‘ra, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan raketalarning uzluksiz uchirilishi xalqaro hamjamiyat, jumladan, Yaponiya uchun jiddiy xavf tug‘diradi. 

“2019 yil may oyidan boshlab, Shimoliy Koreya tez-tez raketa sinovlarini o‘tkazib kelmoqda. Maqsad — raketa texnologiyasini takomillashtirish. Shimoliy Koreyaning davomli raketa uchirishlari butun xalqaro hamjamiyat, jumladan Yaponiya uchun jiddiy tahdid solmoqda”, degan u. 

Kishi, shuningdek raketa sinovlari munosabati bilan ma’lumotlarni yig‘ish va tahlil qilishni davom ettirish, shuningdek barcha mumkin bo‘lgan ehtiyot choralarini ko‘rishni buyurganini ta’kidlagan. 

Yaponiya Mudofaa vaziri raketalarning ehtimoliy spetsifikatsiyasi haqidagi jurnalistlarning savoliga izoh berar ekan, tafsilotlarni tahlil qilish hali ham davom etayotganini ta’kidlagan. 

Eslatib o‘tamiz, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi joriy yilning 30 sentyabr kuni yangi zenit raketa sinovdan o‘tkazilganini e’lon qilgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

raketa KXDR

Baholaganlar

351

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing