“Tolibon” yetakchisi AQSH bosh razvedkachisi bilan uchrashgani haqidagi xabarga izoh berildi

Olam

image

Avvalroq, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns Qobulda “Tolibon” harakati siyosiy idorasi rahbari Abdul G‘ani Barodar bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. 

“Tolibon” harakati vakili Zabihulla Mujohid AQSH rasmiysi bilan uchrashuv haqidagi ma’lumotni tasdiqlamadi. Bu haqda “Shamshad News” telekanali xabar bergan. 

“Mulla Barodar va Markaziy razvedka boshqarmasi boshlig‘ining uchrashuvini hozirgi paytda tasdiqlab bo‘lmaydi”, degan Mujohid. 

Eslatib o‘tamiz, tarqalgan xabarlarda tomonlar 31 avgust — AQSH qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish va fuqarolarni evakuatsiya qilish hamda afg‘onlarga yordam berishni yakunlashi kerak bo‘lgan kunni muhokama qilgani aytilgandi.

Markaziy razvedka boshqarmasi esa ushbu uchrashuv yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH

2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi. Bu jarayon joriy yilning 31 avgust kuni yakunlanadi. 

Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi

Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh

Baholaganlar

92

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing