“Tolibon” vakillari O‘zbekistonga kelib, chegara masalalarini muhokama qildi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining chegara va qabilaviy ishlar vazirligi delegatsiyasi O‘zbekistonga kelib, rasmiylar bilan chegara xavfsizligi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni “Khaam Press” xabar berdi.

“Tolibon”ning chegara va qabila ishlari vazirligi kecha, 8 iyul kuni bergan bayonotida chegara masalalari tomonlar o‘rtasida atroflicha muhokama qilinganini aytgan.

Afg‘onistonning Jauzjon viloyati shimolidagi chegara va qabila ishlari bo‘limi boshlig‘i Mavlaviy G‘ulom Nabi Samim chegarada mahalliy aholi duch kelayotgan muammolar haqida gapirgan. Biroq “Tolibon” rasmiylari “chegara muammolari” deganda nimani nazarda tutayotgani haqida batafsil ma’lumot bermagan. 

Bunga qaramasdan, “Tolibon” hukumati o‘zbekistonlik hamkasblariga isyonchi guruhlarning Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga qarshi foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikka va’da bergan.

Aytish joizki, so‘nggi ikki yil ichida Afg‘oniston hududidan O‘zbekistonga bir necha raketa uchirilgan. Hujumlar uchun javobgarlikni ISHID jangarilari o‘z zimmasiga olgan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham minglab ISHID jangarilari Afg‘onistonning shimoliy chegaralarida joylashgani, bu Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida bir necha bor ogohlantirgan. Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat rasmiylari esa bunday da’volarni rad etib, ularni Afg‘onistonning qo‘shnilari bilan munosabatlariga putur yetkazishga qaratilgan tashviqot va asossiz da’volar deb atagan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston chegara Tolibon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing