“Tolibon” va’dasini bajarmadi, 20 yillik natijani yo‘qqa chiqardi – BMT

Olam

image

Jahon hamjamiyati afg‘on hukumatini inson huquqlarini hurmat qilishga ishontirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishi kerak. Bu haqda BMT mustaqil ekspertlari chop etgan bayonotda aytiladi. 

“Agar xalqaro hamjamiyat “Tolibon” harakati o‘z siyosatini o‘zgartirishi va inson huquqlari bo‘yicha majburiyatlarini bajarishi uchun qo‘shimcha choralar ko‘rmasa, afg‘onlarning kelajagi nihoyatda qorong‘u”, deyiladi hujjatda.  

BMT mustaqil ekspertlari Afg‘onistonda ayollar va qizlar, nogironlar, huquq himoyachilari, jurnalistlar, san’atkorlar, diniy va etnik ozchilik vakillari, o‘qituvchilar va fuqarolik jamiyati a’zolarining huquqlari eng ko‘p buzilayotganini ta’kidladilar.  

“Dunyoning hech bir joyida ayollar va qizlar huquqlarining bunday keng ko‘lamli, tizimli va keng qamrovli buzilishi kuzatilmagan, ular hayotining har bir sohasi axloq niqobi ostida va din orqali cheklangan. Diskriminatsiya va zo‘ravonlikni har qanday asosda oqlab bo‘lmaydi",  deb ishontirmoqda mualliflar. 

Ularning ta’kidlashicha, “Tolibon” nafaqat o‘z majburiyatlarini bajara olmadi, balki bir yil ichida so‘nggi yigirma yil davomida erishilgan yutuqlarning ko‘pini bekor qildi. Millionlab odamlarga behisob zarar yetkazgan gumanitar va iqtisodiy inqiroz esa, jumladan, “xalqaro yordamning to‘xtatilishi va afg‘onlarning xorijdagi aktivlarining muzlatilishi” tufayli yanada kuchayadi. 

“Xalqaro hamjamiyat bizning harakatlarimiz, qat’iyatliligimiz va inson huquqlari haqidagi so‘zlarimizga ma’no berishga tayyor ekanligimizga qarab baholanadi. Gumanitar vaziyatning kutilayotgan yomonlashuvini inobatga olgan holda, xalqaro hamjamiyat afg‘onlarni yashashi uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni, jumladan, oziq-ovqat, suv, ta’lim, yashash va xavfsizlik bilan zudlik bilan ta’minlashga mas’uldir”, deyiladi bayonotda. 

Hozirda Tolibon tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyat o‘ta og‘irligicha qolmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 22,8 million afg‘on doimiy ravishda to‘yib ovqatlanmaydi, 8,7 million kishi esa ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu, asosan, “Tolibon” davlat zaxiralarining (9,4 milliard dollardan) atigi 0,1 foizidan foydalanish imkoniyatiga egaligi bilan bog‘liq, chunki ularning katta qismi Qo‘shma Shtatlar tomonidan muzlatilgan. Bundan tashqari, 22 iyunga o‘tar kechasi 6,1 magnitudali zilzila sodir bo‘lib,  mamlakatning olti viloyatida ta’sir ko‘rsatdi. Afg‘oniston matbuotiga ko‘ra, tabiiy ofat 1000 dan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan, kamida 2000 kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Tolibon BMT

Baholaganlar

488

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing