“Tolibon” va Afg‘oniston hukumati yaqin 5 kun ichida o‘zaro muloqotni boshlaydi – Pentagon
Olam
−
05 mart 2020
4052"Tolibon" harakati va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumati o‘rtasidagi o‘zaro muloqot yaqin 5 kun ichida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Pentagon rahbari Mark Esper ma’lum qildi.
“AQSHning "Tolibon" bilan kelishuvidagi asosiy maqsadlardan biri afg‘onlararo muloqotni boshlash edi. Ushbu muzokaralar yaqin besh kun ichida bo‘lib o‘tishi mumkin", dedi Esper.
Shuningdek, Esper so‘nggi kunlardagi o‘zaro hujumlar haqida gapirib o‘tdi. Uning fikricha, "Tolibon" faqatgina AQSH harbiy kuchlariga hujum qilmaslikni bo‘yniga olgan.
"Tolibon" AQSH bilan tinchlik bitimi shartlarini qisman bajarmoqda. "Tolibon" AQSH harbiylariga hujum qilmadi, ular faqat afg‘on xavfsizlik kuchlariga hujum qilmoqda" dedi Pentagon rahbari.
Shu bilan birga, u "Tolibon" va rasmiy Kobulning pozitsiyalari "mutlaqo bir-biriga to‘g‘ri kelmasligini" tan oldi.
Pentagon rahbari ta’kidlashicha, rasmiy Vashington bu mamlakatda tinchlik o‘rnatilgunga qadar afg‘on kuchlariga harbiy yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va "Tolibon" o‘rtasida tinchlik sulhi tuzilishidan 2 kun o‘tgach "Tolibon" harakati hukumat kuchlariga hujum qildi. Bunga javoban AQSH harakatga qarshi avia hujum uyushtirdi. "Tolibon" vakili Zabihulloh Mujohid bu hujumlarga izoh berar ekan, ular afg‘on kuchlariga hujum qilmaslikka va’da bermaganini ta’kidladi.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi