“Tolibon” O‘zbekistonni aldadimi? Yo‘q qilingan Navoiy yodgorligi qachon tiklanishi noma’lumligicha qolmoqda

Olam

image

“Tolibon”ning Balx viloyati markazi – Mozori Sharif shahrida mahalliy rasmiylar tomonidan Alisher Navoiy haykalining yo‘q qilinishi, shundan so‘ng esa Navoiy majmuasi shoir sharafiga qayta barpo etilishi haqidagi va’daning oradan ikki oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lishiga qaramay, hanuz amalga oshmagani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Bu haqda Afg‘oniston o‘zbeklari tomonidan yuritiladigan Uzbek TV nashri surishtiruv olib borganini xabar qildi.

Nashrning ma’lum qilishicha, so‘nggi kunlarda majmuaning holatini aniqlash maqsadida haykal o‘rnatilgan joy ko‘zdan kechirilgan. Guvohlarning qayd etishicha, haykal joylashgan hudud yashil latta bilan o‘ralgan, biroq ichkarida qurilish ishlari olib borilyaptimi yoki yo‘qmi bu noma’lumligicha qolmoqda. Shuningdek, bu yerda Navoiy xotirasiga bag‘ishlangan qanday majmua barpo etilayotgani haqida ham aniq ma’lumot berilmagan.

“Agar O‘zbekiston rasmiylari bu masalaga aralashmasa, “Tolibon” odatdagidek yolg‘on va’dalar bilan bu masalani cho‘zib yuborish ehtimoli katta”, deyiladi nashr xabarida.

QALAMPIR.UZ mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bilan bog‘landi. U jurnalistning qurilish ishlari qaysi bosqichda ekani va yodgorlik qachon ochilishi haqidagi savollariga quyidagicha javob berdi.

“Yodgorlik bo‘ladi, bu aniq. Afg‘on tomoni bilan ushbu masalada kelishilgan va bu kelishuv o‘z kuchida”, dedi Burhonov, majmua ochilish sanasi hozircha noma’lumligini qo‘shimcha qilib.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Mozori Sharif shahrida Temuriylar davrida yashagan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykalini butunlay buzib tashlagani haqida xabarlar tarqalgan edi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mazkur masala yuzasidan rasmiy izoh olish maqsadida “Tolibon” muvaqqat hukumati vakillari bilan bog‘langan.

Afg‘oniston tomoni o‘sha paytda “Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy alloma xotirasiga munosib emasligi, shoir va mutafakkir sharafiga yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi” sababli haykal mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangani, yaqin orada yangi yodgorlik barpo etilishi haqida va’da bergan edi.

Shuningdek, 2023 yilning fevral oyida ham Mozori Sharifdagi Alisher Navoiyning o‘sha haykali qisman buzib tashlangan edi. Shunda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bu holatni “vandalizm” deb atagan va Afg‘oniston vakillariga tayanib, haykalni begona shaxslar vayron qilganini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

TIV Tolibon Alisher Navoiy Mozori Sharif

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing