“Tolibon” o‘zbek tiliga taqiq qo‘ymaslikka va’da berdi
Jamiyat
−
06 yanvar 4566 2 daqiqa
Avvalroq, “Tolibon” muvaqqat hukumati o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi mamlakatning shimolida joylashgan Samangan universiteti peshtoqidan o‘zbek tilidagi yozuvlarni olib tashlagani, bu esa haqli ravishda jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Bugun, 6 yanvar kuni “Tolibon” mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universitetida o‘zbek tiliga nisbatan hech qanday cheklov joriy etmaslikka va’da berdi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, o‘zbek tili bilan yuzaga kelayotgan muammolar bo‘yicha Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari tezkor ravishda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritgan. Afg‘onistonlik rasmiylar ushbu xabarlar “haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, mamlakat hududida o‘zbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yo‘qligini” qat’iy ta’kidlab, Afg‘oniston hukumati va xalqi o‘zbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etgan.
“Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili ma’lum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat bo‘ylab oliy ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga ko‘ra, ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat bo‘ylab uch tilda – pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan”, deydi Burxonov.
Shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning ifodasi sifatida Afg‘oniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Juzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “O‘zbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirib, o‘zbek tiliga nisbatan cheklovlar vazirlikda jiddiy tashvish uyg‘otishini bildirgan edi.
Live
Barchasi